date

Daniya tarixdagi eng kuchli kvant kompyuterini yaratadi

Daniya tarixdagi eng kuchli kvant kompyuterini yaratadi
Daniya dunyodagi eng kuchli va mukammal kvant kompyuterini yaratish maqsadida yirik ilmiy va texnologik loyihani amalga oshirishni boshladi, deb Bundle xabar berdi. QuNorth deb nomlangan tashabbusda Microsoft hamda Kaliforniyadagi Atom Computing kompaniyalari hamkorlik qiladi. Loyiha innovatsion salohiyatga ega bo‘lib, unda dasturiy va apparat qismlar zamonaviy yechimlar asosida uyg‘unlashtiriladi.
Dasturiy ta’minot uchun Microsoft javobgar — kompaniya o‘zining Azure Quantum platformasini taklif qiladi. Apparat qismlari esa Atom Computing tomonidan yetkaziladi va bu yerda “neytral atomlar” asosidagi ilg‘or kvant texnologiyasi qo‘llaniladi. Yaratuvchilarning aytishicha, «Magne» nomli yangi tizim taxminan 50 ta mantiqiy va 1200 dan ortiq fizik kubit bilan ishlay oladi.
Bugungi kungacha hech bir kompaniya bunday ko‘rsatkichni bir tizimda jamlay olmagan. Shu jihati bilan Magne dunyodagi eng mukammal kvant kompyuteriga aylanishi mumkin.
Kompyuter qurilishi 2025 yil kuzida boshlanadi va 2027 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Tizim Kopengagen shahrida o‘rnatiladi va butunlay 100 foiz Daniyaga tegishli bo‘ladi. Bu loyiha nafaqat Daniya, balki butun Yevropa ilm-fani uchun muhim bosqich sanaladi.
Loyiha uchun Daniya eksport-investitsiya jamg‘armasi (EIFO) va dunyoga mashhur Novo Nordisk jamg‘armasi tomonidan 80 million yevro (taxminan 10 milliard 160 million so‘m) mablag‘ ajratilgan.
Mutasaddilar ta’kidlaydiki, Magne kvant kompyuteri ilm-fanda yangi davr boshlashiga sabab bo‘ladi va kelgusida tibbiyot, energetika, sun’iy intellekt, moliya va boshqa ko‘plab sohalarda innovatsion yutuqlarga asos bo‘ladi. Yana bir muhim jihat — ushbu texnologiyadan avvalo Daniya olimlari, kompaniyalari va oliy o‘quv yurtlari foydalanadi.
Mutaxassislar bu loyihani Daniya ilmiy-texnik salohiyatining yangi bosqichi va strategik taraqqiyoti sifatida baholamoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Daniya tarixdagi eng kuchli kvant kompyuterini yaratadi