05:30 / 06.11.2018
9 065

Bir kechalik kelinchak… (22-qism. Ikkinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (22-qism. Ikkinchi fasl)
— Ishonasizmi, — derdi mashina motoriga o‘t qo‘yishni ham unutib Nasiba. — Ertalab shu yoqqa kelayotganimda xudoga astoydil nola qilgandim. Do‘konga kirsam-u, siz o‘tirgan bo‘lib chiqsangiz deb yig‘lagandim. Xudo eshitdi faryodlarimni! Ishonasizmi shunday mo‘’jizaga?

— Nega ishonmay? — dedi Bilol xotirjamlik bilan. — Menga xudo bolaligimdan hamroh. Har gal rahmimni yegan. Hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymagan, och qoldirmagan. O‘qishdayam faqat xudo yordam berib kelgan. Menga qara, nega o‘tiribmiz? Haydamaysanmi mashinani?

— Voy, esim qursin, — deya o‘rnidan qo‘zg‘aldi Nasiba. — O‘tiring rulga! Men hozir mashina hayday olmayman. Qarang, xursandligimdan qo‘llarimgacha qaltirab ketyapti!

— Bo‘pti, ko‘ndirding, — jilmayib mashinadan tushdi Bilol. — Sen mening o‘rnimga o‘tir unda! Uzoqlashsang, xuddi yo‘qotib qo‘yayotganday vahimaga tusha boshlayman.

— Yo‘qotmaysiz, — dedi Nasiba kulib. — Orzu qilsangizam bunga erisha olmaysiz. Mendan qutulib bo‘psiz!..

Shunday hazil-mutoyiba, qochirimli gaplar bilan nihoyat uyga ham yetib kelishdi.

Oysha hovlilarni avvalgidan-da yaxshiroq yig‘ishtirgan, supur-sidir qilgan. Nafosat aya esa darvozaxonada ularni mushtoq kutardi. Bilol mashinadan tushdi-yu, xuddi hindlar kabi egilib, Nafosat ayaning poyini ko‘zlariga surdi.

— Voy, unday qilma-ang, bolam, — Nafosat aya azbaroyi noqulay vaziyatga tushganidan kulib yubordi. — Hindilarga o‘xshab…

— Bizning onalarimiz hindlardan kammi? — deya qaynonasini quchdi Bilol. — Ulardan ortiqroq. Shuning uchun ular bir marta onasining poyini ko‘zga sursa, biz o‘n marta surishimiz kerak.

— Barakalla, — dedi yig‘lamsirab Nafosat aya. — Iloyim qo‘sha qaringlar! Ko‘rgan bitganingiz shu bo‘lsin!..

— Mayli, sizlar o‘tira turinglar, men kiyimlarimni almashtirib chiqaman!

Bilol Nasibaga bir marta ko‘z qisdi-yu, ichkariga chopdi. Nafosat aya esa qizini yana bir marta quchib tabrikladi. So‘ngra avaylabgina so‘ri tomon yetakladi.

— Ko‘z tegmasin, juda kirishimli yigitakan, — dedi Nafosat aya ichkariga ishora qilib. — Rosa uyaltirdi-ya!.. Iloyim baxting kulgani rost bo‘lsin!

— Rost baxtim kulgani, oyi, — dedi Nasiba ko‘zlari chaqnab. — Unaqa odatim yo‘g‘idi-ku, ammo bugun kuyovingizning o‘qishiga kirib surishtirdim. Yuragimdagi shubhalar haqiqatga yaqinmi-yo‘qmi, tekshirib ko‘rishni xohladim.

— Xo‘sh, keyin-chi? Shubhalaring to‘g‘ri ekanmi?

— Yo‘q, g‘irt yolg‘onakan. Dekani shunaqa maqtadiki kuyovingizni!.. Yig‘lab yuborayozdim xursand bo‘lganimdan. A’lochiykan, hammalari yaxshi ko‘risharkan uni. Faqat progulchiroq dedi.

— Ha-a, o‘zingam maktabda rosa progul qilishni qotirarding. O‘xshatmaguncha uchratmas deb shunga aytishadi-da, qizim! Hoy, Oyshabegim, ovqatni suzavering! O‘zingizam shu yerga o‘tirasiz! Birgalashib bi-ir oshxo‘rlik qilaylik! O‘g‘lim eson-omon chiqib kelganiga, balolar ariganiga osh buyurovdim Oyshabegimga!..

* * *
Hash-pash deguncha shaharga tun cho‘kdi. Bilol va Nasiba yolg‘iz qolishdi.

Ayniqsa, Nasiba shu lahzalarni orziqib kutgandi. Orzulari ko‘pligidan ko‘ksiga sig‘a qolmasdi. Bilolning yelkasiga bosh qo‘ygancha orzulayverdi, orzulayverdi…

— Aytgancha, — kutilmaganda Bilol nimadir yodiga tushgandek so‘z qotdi. — Farzandimizga nima deb ism qo‘yamiz?

— Hozir qo‘ymaymiz, — dedi Nasiba ma’yus jilmayib. — Hali tug‘ilmagan bolaga ism qo‘yib bo‘lmaydi.

— Nega? Baribir oldindan bilishimiz kerak-ku!

— Xayolingizda ismni tanlang-da, hech kimga bildirmay yuravering! Shunda ko‘z tegmaydi…

Shu tobda Nasibaning telefoni bezovta jiringlay boshladi. U raqamga qaradi-yu, ko‘ngli sal taskin topib go‘shakni oldi.

— Ha, Noila opa, — dedi muloyimlik bilan. — Tinchlikmi? Ishlar yaxshi ketyaptimi?

— Nasibaxon, men qo‘rqib ketyapman, — dedi yig‘lamsirab Noila. — Do‘konimizga to‘rt-besh chog‘li barzangi kelib katta pul talab qilyapti! Kassadagi pullarni bermasak, so‘yib ketisharkan!

— Nima?..

Bilol suhbatni aniq eshitgandi. Zarda bilan telefonni Nasibaning qo‘lidan tortib oldi.

— Senga hayajonlanish, xavotirlanish mumkinmas, — dedi majburan tirjayib. — O‘zimga qo‘yib ber ularni! Noila opa, bering telefonni o‘sha barzangilarga! Tez bo‘ling!

Kiprik qoqqanchalik vaqt o‘tib go‘shakdan erkak kishining yo‘g‘on va tahdidli tovushi eshitildi.

— Eshitaman! Kim bu?

— Men Bilolman, — dedi u jiddiy ohangda. — Hozir oyoqlaringni qo‘lingga olish-da, quri do‘kondan! Yo‘qsa, yaxshi ish bo‘lmaydi!

— Xo‘p bo‘ladi!..

— Ana, bo‘ldi, — dedi Bilol hiyla kerilib. — Sen faqat bolamizni, meni o‘yla. Bunaqangi ishlarni o‘zimga qo‘yib ber!..

— Voy, tavba qildim, — Nasiba erining tutgan ishi, bir zumda muammoni hal etganidan hayratlanib dast o‘rnidan turdi. — Bu qanaqasi? Siz… Tanirmidingiz ularni?

— Kimni? — og‘zining tanobi qochib Nasibaga tikildi Bilol. — Barzangilarnimi?

— Ha-da!

— Qayoqdan taniy ularni? Jonim, bir narsani tan ol! Eringni jinoyatchi zoti borki, juda yaxshi tanib olgan. Bu ham sening sharofating bilan. Ularni tanishim shartmas. Ismimni eshitsa hisob, darrov uni o‘chadi. Biz sen bilan mana shular haqida jiddiy gaplashib olishimiz kerak.

— Nimani gaplashamiz? — hayron bo‘lib Bilolga qattiqroq tikildi Nasiba. — Ketishdi-ku menimcha ular! Yana nima gap bo‘lishi mumkin?

— Sen homiladorsan, — shoshilmasdan gap boshladi Bilol. — Bolamizni ko‘z qorachig‘ingday asrashga mas’ulsan. Men ham sening asabiylashishingga yo‘l qo‘ymasligim kerak. Sen o‘zingni urintirmasliging zarur.

— Urintirmayman, xotiringiz jam bo‘lsin!

— Yo‘q, men boshqa narsani aytmoqchiman.

— Nimani? Gapiravering! Qulog‘im sizda, yaxshi yigit!

— Manavi do‘kon, sex, klub… Xullas, hammasini mening nomimga o‘tkazmasang bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.

— Nima? Nega? Tinchlikmi?

— Tinchlikmasligini o‘zingam ko‘rib turibsan. Ular men bor-yo‘q seni tinch qo‘yishmaydi. Ta’qib qilaverib jondan to‘ydirishadi.

— Siz borsiz-ku! Yo bosh olib ketmoqchimisiz?

— Jinnimisan? Qayerga bosh olib ketaman? Men umuman aytyapman. Uyoqda prokuror turibdi tish qayrab. Furqat esa payt poylayapti. Anavi kelganlar Furqatning yugurdaklari, aniq bilib turibman. Agar hamma biznes mening nomimda bo‘lsa, hech kim senga ortiqcha zug‘um qila olmaydi.

— Tavba, bu qanaqasi bo‘ldi? Nima farqi bor kimning nomidaligi? Himoya qilasiz-ku meni baribir!

— Tushunmading. Toki do‘konlar-u, ishqilib hamma biznesing sening nomingda ekan, tinchiy olmaysan. Har tarafingdan kelib turtkilayverishadi. Ayniqsa, Furqat…

— Sizning nomingizda bo‘lsa indashmaydimi? Ja ishondim-da!

— Ha, mening nomimda bo‘lsa, tega olishmaydi. Tegishga qo‘rqishadi.

— Men qayoqdan bilaman? Balki sizam hammasini nomingizga o‘tkazvolgach, meni tashlab ketarsiz?!. Bilib bo‘ladimi? Pul deb qo‘yibdi buni!

— Sen noto‘g‘ri fikrlama, — dedi Bilol kuyinchaklik bilan. — Agar menga ishonmayotgan bo‘lsang, ana, universitetga borib domlalardan so‘ra, surishtir, kursdoshlar qancha u yerda. Ularniyam so‘roqqa tut!

— Surishtirib bo‘lganman, — dedi Nasiba bosh silkitib. — Allaqachon dekaningiz aytgan kimligingizni.

— O‘, nahotki? Qachon ulgura qolding? Xo‘sh, nima dedi dekan? Hoynahoy, ko‘p dars qoldiradi deb noligandir-a? Topdimmi?

— Xuddi shunday dedi. O‘zi yaxshi yigit-u, ammo progulchi dedi.

Bilol bu gaplardan keyin zavqlanib kuldi. Ammo darrov jiddiylashdi.

— Mayli, unda nega ishonmayapsan haliyam? Ana, aytibdi-ku dekan kimligimni! Men u aytganday odamman. O‘zgarmayman.

— Men o‘ylab ko‘rishim kerak, — dedi Nasiba bo‘shashib. — Bu yo‘l-yo‘lakay ikki og‘iz gapminan hal bo‘ladigan ishmas. Milyonlab pullar turibdi.

— Mayli, o‘ylab ko‘r, shoshiltirmayman. Qachon bir qarorga kelsang, aytarsan.

* * *
Yarim kechasi Nasibaning uyqusi qochdi. Tag‘in ko‘ngli aynib bir necha marotaba vannaxonaga kirib chiqdi. Sho‘r bodring yegisi kelavergandi, Oysha topib keltirdi. Yarim tun bo‘lishiga qaramay, yana ikki-uchtasini paqqos tushirdi-yu, balkonga chiqib olis osmonga, turnaqator yulduzlarga o‘ychan nazar tashladi. Xayolida esa hanuz Bilolning so‘nggi gaplari, Furqatning masxaralashga belangan haqoratlari aylanardi.

«Bunchayam chalkash bo‘lmasa bu jumboqlar, — ko‘nglidan o‘tkazdi og‘ir xo‘rsiniq aralash. — Biri masxaralaydi, ikkinchisi pul deydi. Nahotki, bu safar ham baxtim ochilmagan bo‘lsa? Bilol suvilon kabi ichimga o‘rnashvolib keyin tashlab ketsa-chi? Manavi bolasining ham yuzini qilmaydimi? Yo‘g‘-e, agar yuz-xotir qilmasa, allaqachon dodimni berardi. Balki haqdir u. Shu biznes o‘lgurini ochganimdan beri boshim g‘avg‘odan chiqmaydi. Nuqul tazyiq o‘tkazishadi. Qo‘rqitishadi. Zo‘rlik qilishadi. Masxaralashadi. G‘ururimni yer bilan bitta qilishadi. Nega? Balki shu Bilol deganlari, suyukli erim haqiqatan meni deb yelib-yugurayotgandir? Mana, qamoqdan chiqarib ham oldim. Hazilakam pul ketmadi. Shundayam yuz-xotir qilmasligi, chuv tushirishi mumkinmi? Unda xudoyimning xohishi qayda qoladi? Erkaklik subuti qayda qoladi? Yo‘q, Bilol undaylardan emas. U nomardlikka qo‘l urmaydi. Chunki meni sevadi. Sevishiga zarracha shubham yo‘q. Qolaversa, o‘rtada farzandimiz bo‘ladi hademay. Farzandini ko‘chada qo‘ymas hech bo‘lmasa!?. Ha, rozilik beraman. Mayli, ishlasin, pul topsin. Zo‘rlarga so‘z bermay yashasin! Men esa uning dilbandini dunyoga keltirishni o‘ylay. Kim qo‘yibdi menga qornimni qappaytirvolib tadbirkorlik qilishni!? Furqatning anavi telefon orqali aytgan gaplarini, haqoratlariniyam Bilolga aytib beraman. Adabini bersin! Shunday boplasinki, tug‘ilganiga pushaymonlar yesin!

Aytaman! Aytaman! Aytaman!..»
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (22-qism. Ikkinchi fasl)