10:02 / 24.12.2018
6 621

Go‘r azobi… (3-qism) (mistika)

Go‘r azobi… (3-qism) (mistika)
Qayergadir qorong‘ilikka yetgach, noma’lum qudrat meni sudraklashdan to‘xtadi. Shundagina qandaydir kuch sababmi, yo tasodifmi, bilmadim, uni ko‘ra oldim. Bo‘yi pakana, ko‘zlardan mosuvo, badburush bir jonzot edi u. Yoqimsiz nusxasini ko‘rib beixtiyor ijirg‘andim. Ammo qo‘rqardim. Nafratimni oshkor etishga jur’at eta olmasdim.

Indamasdan, bo‘shashgancha, vujudimdagi og‘riqlar zarbidan qisinib-qimtingancha u tomon javdiradim.

— Men seni haqiqiy jannatga olib boraymi? — so‘radi u kutilmaganda. — Sen boysan, zo‘rsan, jannatda yashashga haqlisan!

Men javob berish o‘rniga bu jonzotga qattiqroq tikildim va o‘zim sezmagan holda so‘rashga tutindim.

— N-nega ko‘zlaring yo‘q? Kimsan?

— Tanimadingmi? — savolga savol bilan javob berdi u. — Men iblisman. Bir umr yoningda bo‘lganman. Seni manaman degan huriliqolarning huzuriga olib borardim, qo‘sha-qo‘sha uylaring yerto‘lalarini pul bilan, boylik bilan to‘ldirganman. Men yoningdaligimda hech qachon qayg‘u chekmagansan. Aysh qilgansan, yallo qilgansan. Xo‘sh, esladingmi, jo‘ra?

— Unda… Nega hozir zulmatga qarab sudraklayapsan? Jonim qanchalar og‘riyotganini bilib turibsan-ku! Nima uchun azob beryapsan menga?

— E, — dedi iblis. — Bu yerlardan chiqarib olay tezroq deyapman seni. Agar shu qorong‘i xilqatdan chiqib olsak, haqiqiy jannat namoyon bo‘ladi qarshingda. Hurlar, nozaninlar, sayroqi qushlar, zilol suvli ko‘llar…

— Aldama, — dedim ensam qotib. — Iblisni kim jannatga kiritarkan?!. Boshimni qotirmay, meni boyagi joyimga eltib qo‘y. Hali zamon so‘roq-savol berishim kerak.

— Shunaqami? Demak, haliyam menga ishonmaysan, shundaymi? Hozir ko‘rasan… Mening qudratimni ko‘rasan…

— Mayli, qudratingni ko‘rsatishdan oldin ayt, nega ko‘zlaring yo‘q?

— Ko‘zmi? Ko‘zimni o‘sha senlar sig‘inadigan xudoying o‘yib olgan. U mendek haqiqatpeshalarni yomon ko‘radi. Ko‘rishga ko‘zi yo‘q. O‘ylaganki, ko‘zimni o‘yib olsa, men harakatlanishdan, bandalariga do‘st tutinishdan tiyilaman. Chuchvarani xom sanashibdi hammasi. Mana, ko‘zlarim bo‘lmasayam, seni ko‘rib turibman, yo‘limni to‘g‘rilab yuribman. Qudratimga ishongandirsan endi?

— Bo‘pti, men bunaqangi narsalarni tushunmayman, — dedim toqatim toq bo‘lib. — Qani, nimani ko‘rsatmoqchiyding menga?..

— Ha-ya, ko‘rsatmoqchiydim… Bilasanmi, senam bu xilqatlarga kelib aynibsan. Mendek xojangga ishonmaydigan bo‘libsan.

— Qanaqa xoja? — ochig‘i hayot ekanimda ham osmondan kelganlarni ko‘rsam, tutoqib ketardim. Chunki dunyoda mendan zo‘rrog‘i yo‘q deb hisoblardim. Garchi manavinaqangi zulmatlar qa’rida azob chekayotgan bo‘lsam-da, baribir o‘sha fikrim yo‘qolgan emas. Iblisning, qayoqdagi so‘qir, badburush bir jonzotning sira tap tortmay «xojangman» deyishi g‘ashimni keltirdi. — Ko‘rpangga qarab oyoq uzat, yalangoyoq so‘qir! Qudratmish! Qudrat, mana, menda!

— O‘, zo‘rsan-ku! — dedi masxaraomuz kulib iblis. — Mayli, hozir senga qudratimni ko‘rsataman! Qani, ketdik!..

Vujudim o‘zimga bo‘ysunmasdi. Iblis sudraklamasa, yotgan yerimdan bir qadam ham oldinga jila olmasdim. U qaytadan sudraklashga tushdi — yu, shunda ham alamim kelib baqira boshladim.

— Sudraklashni bas qil, qizitaloq! Hammayog‘im og‘rib ketyapti, iflos!..

Iblis baqir-chaqirlarimga umuman e’tibor qilmadi. Chamasi bir kilometrcha sudradi-yov! Keyin esa… Birdan to‘xtadi.

— Ana, o‘ng tomoningga boq, — dedi iblis. — Qarayver, qo‘rqma! Qudratimga tan berasan shunda!.. O‘rningdan turaver! Tura olasan! Axir, sendan zo‘ri yo‘q-ku!..

Ha, iblis bu gal aldamagandi. Dast o‘rnimdan turdim. Negadir vujudimdagi og‘riqlar g‘oyib bo‘lgan, o‘zimni qushdek yengil his etardim. Fikrlarim tiniqlashib, xuddi tiriklikdagi Daminboyga aylanib qolgandek edim.

Iblisning qistovi bilan o‘ng tarafga boqdim…

Yo alhazar! Mendan ancha narida taxminan ellik kvadrat metr joyda yorug‘lik zohir edi. U yerda esa keksa bir odam qulochini yoygancha biz tomonga achinish bilan tikilib turardi.

— Bor, — dedi iblis meni qistovga olib. — Ko‘rish qadrdoning bilan! Mana shu mening qudratim bo‘ladi! Boraver!

Men keksa odamga yaqinroq bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u meni maktabda o‘qitgan, ta’lim bergan Sulton muallimning o‘zginasi edi.

Yaqinlashishim bilan muallim bir necha qadam ortga tislandi. Men bo‘lsam, beixtiyor o‘zgardim. Dimog‘dorligim tutdi. Muallimning hayotligida qanday yashagani, o‘sha paytlardagi yurish-turishi, nuqul meni koyiyverganlari, tanbehlari, har ikki kunning birida dadamni maktabga chaqirib urishaverganlari yodimga tushdi.

— Ha, muallim, — dedim mensimaygina. — Sizam shu yerdamidingiz? Yakkalanib qolibsiz-ku tamoman! Hech kim davrasiga qo‘shmadimi? To‘g‘ri-da, qaysar, xudbin muallim kimgayam yoqardi!?.

— Sen, Daminboy, haliyam o‘zgarmabsan, — dedi muallim. — Maktabdagi fe’ling haliyam qolmabdi. Essiz, seni odam bo‘larsan, beva-bechoralarga yordam qilarsan deb o‘ylardim. Aksi bo‘libdi. Ming afsus!..

— Bu yer sizning maktabingizmas, — dedim hov narida turgan iblisga qarab qo‘yib. — Men endi siz qulog‘idan tortqilab yig‘latadigan, xohlagancha yerga uradigan bolamas, kimsan Daminboyman! Ana, anavi so‘qir ham menga qulluq qiladi kerak bo‘lsa!..

— Shunaqami? Shu iblis emasmidi seni yo‘ldan adashtirgan? Xudoni tanitmay, kasofatga yo‘liqtirgan? Ko‘zing ochilmadimi go‘rga tushib ham?

— Qanaqa go‘r? — salmoq bilan ovozimni bir parda ko‘tardim. — Qanaqa yo‘ldan urish? Biz hozir do‘stim bilan jannatni tomosha qilishga ketyapmiz. Balki yoqib qolsa o‘sha yerda qolarman!..

— Qara, — muallim to‘satdan menga yaqinlashib ancha naridagi bir qatim nur tushib turgan joyni ko‘rsatdi. — Xudoyimning qudrati bilan bir mo‘’jiza yuz beradi hozir. Balki shunda ko‘zing ochilar? Qara, yaxshilab qara!..

Yo navzambillo! Muallim ko‘rsatgan qatim nur bora-bora kattalashdi-yu, o‘rtasida… Avval otam Do‘ltaboy, keyin onam Sojida opalar paydo bo‘lishdi. Ular rostakam olov, qip-qizil cho‘g‘larni iskanjasiga olgancha gurillab yonayotgan alanga qurshovida edilar, tovushlari eshitilmasa-da, jon achchig‘ida hayqirayotganlari aniq-tiniq ko‘rinib turardi.

Jigarchilik ekan, bu manzaraga shunchaki qarab tura olmasdim.

— To‘xta-atlari-ing! — deya baqirdim xilqatni boshimga ko‘tarib. — Yo‘-o‘q! Qo‘yvorlaring mening ota-onamni-i!!! Yovuzlar! Ablahlar! Marazlar!..

Afsuski, mening hayqirig‘imni o‘zimdan bo‘lak hech kim eshitmasdi. Orqaroqda turgan iblis esa qotib-qotib kulgancha mendan uzoqlasha borardi…

— Ko‘rdingmi, bolam, — nihoyat tilga kirdi muallim. — Sening gunohlaring evaziga otang, onang azoblanyapti. Chiranma, baqirma! Sharmandalikka zo‘r berma! Qachonki, tavba qilsang, Xudoyimni chin ko‘ngildan tan olsanggina ular azoblanishdan tiyilishadi. Barcha qilmishlaring uchun o‘zing badal to‘laysan. Yo tavba qilmaysanmi?..

Birodar, men shu lahzalarda go‘yo boshqa bir odamga aylanib qolgandek edim. Meni dunyoga keltirgan, o‘qitgan, boqqan, odam qatoriga qo‘shgan ota-onamning azoblanishi, kuyib kul bo‘layotgani menga juda-juda alam qilardi.

— Tavba qildi-im!!! Qutqaringla-ar ota-onamni-i!!! — deya baqirib yubordim. — Kerakma-as!!!

Bilmadim. Bu tavbam rostakammidi, yo soxtami, harqalay shu so‘zni tilimga ko‘chira olgandim.

Hozir niyatim bir edi. Ota-onam azoblanmasa bas. Mayli, meni o‘sha gulxanga tashlashsin! Lekin ularni qo‘yib yuborishsin!..

Niyatim amalga oshgan-oshmaganini ham ko‘rishga ulgurmadim. Daf’atan boshim aylana-aylana yerga chalqancha quladim. Shu zahoti qaytadan tegramni qop-qora zulmat egalladi va hushimni yo‘qotdim.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Go‘r azobi… (3-qism) (mistika)