Yaponlarni uzoq umrga yetaklayotgan odatlar sirlari ochildi

Dunyoda eng uzoq umr ko‘ruvchi millatlardan biri sifatida tan olingan yaponlar yana bir bor olimlar va jamoatchilik e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada ayollar o‘rtacha 87 yoshgacha, erkaklar esa 81 yoshgacha umr ko‘radi. Eng qizig‘i, mamlakatda 100 yoshdan oshgan insonlar soni 80 ming nafardan ortiq.
Bu natija tasodif emas. Chunki Ikkinchi jahon urushi ortidan, 1940-yillarda yaponlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi atigi 56 yosh atrofida edi. Qisqa vaqt ichida bunday keskin o‘sish genetika bilan emas, balki hayot tarzi va kundalik odatlar bilan bog‘liq ekani oydinlashdi.
Uzoq umr siri qayerda yashirin?
Mutaxassislar fikricha, yaponlarning uzoq va sog‘lom yashashi ortida aniq qoidalar bor. Ularning kundalik hayotida shakllangan odatlar nafaqat umrni uzaytiradi, balki aqliy faollikni ham saqlab qolishga yordam beradi.
Taomnoma — salomatlikning asosi
Yapon oshxonasi sodda, lekin juda muvozanatli. Unda dengiz mahsulotlari, ayniqsa qizil baliq, guruch, sabzavotlar va dengiz o‘tlari asosiy o‘rinni egallaydi. Fermentlangan soya mahsulotlari esa organizm uchun foydali bakteriyalar manbai hisoblanadi.
Shuningdek, nordon va tabiiy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish yuqori. Bu esa hazm tizimining yaxshi ishlashini ta’minlaydi.
Qanday ovqatlanishadi?
Yaponlar ovqat tayyorlashda ham o‘ziga xos yo‘l tutadi. Qovurish o‘rniga bug‘da pishirish afzal ko‘riladi. Yog‘li va og‘ir taomlar, shirinliklar, shokoladlar va konfetlar esa kamdan-kam iste’mol qilinadi.
Eng qiziq qoida esa — “to‘yib ketmaslik”. Ya’ni ular dasturxondan biroz och holda turishni odat qilgan. Bu odat ortiqcha ovqatlanishning oldini oladi va organizmni yengil holatda saqlaydi.
Oddiy qoida — katta natija
Yaponlarning bu oddiy, ammo tizimli odatlari ularni nafaqat uzoq, balki sifatli hayot kechirishga yetaklamoqda. Kelajakda sog‘lom va faol yashashni istaganlar uchun bu tajriba jiddiy signal: hayot tarzingni o‘zgartirsang — natija kechikmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!