Namanganda Lacetti soyga quladi, ikki fuqaro qutqarildi

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida transport vositasi soyg‘a tushib ketdi. FVV qutqaruvchilari va ko‘ngilli fuqarolar hamkorligida mashina ichida qolib ketgan ikki nafar fuqaro zudlik bilan qutqarib olindi. Jabrlanganlar xavfsiz hududga olib chiqilib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlarga topshirildi. Mutasaddilar barcha haydovchilardan yo‘llarda harakatlanishda qoidalarga qat’iy amal qilishni va hushyorlikni yo‘qotmaslikni so‘ramoqda.
25 aprel kuni Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, avtomobil soyga tushib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa tumanning “Oqtosh” mahallasida yuz bergan. Harakatlanib ketayotgan Lacetti rusumli yengil avtomobil haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, transport vositasi yo‘ldan chiqib ketgan va natijada soyga qulab tushgan.
Voqea yuzasidan “112” qisqa raqami orqali viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga zudlik bilan xabar berilgan. Qutqaruv guruhlari tezkorlik bilan hodisa joyiga yetib borib, atrofdagi ko‘ngilli fuqarolar bilan hamkorlikda amaliy harakatlarni boshlagan.
Natijada, avtomobil ichida qolib ketgan ikki nafar fuqaro qutqarilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan. Shundan so‘ng ular tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Mutasaddilar haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishni, ayniqsa, noqulay ob-havo yoki murakkab yo‘l sharoitida ehtiyotkorlikni oshirishni tavsiya qilmoqda.





























Izohlar 0
…