07:25 / 15.01.2019
5 396

Erkakning qo‘lida baraka bor

Erkakning qo‘lida baraka bor
“Ering – piring”, “Ota o‘tirgan uyning tomida bolalar yurmaydi”, “Er kishisi bo‘lgan xonadonning eshik, darvozasiga qulf, kalit kerak emas”, degan gaplar bejiz el orasida uzoq yillardan buyon yashab kelayotgani yo‘q. Darhaqiqat, ayol oilani biriktirguvchi, qovushtirguvchi, o‘t-o‘chog‘i, mehr-oqibatiga qanchalar mas’ul inson bo‘lsa ham, xonadondagi er kishining salobati boshqacha. Axir, bejizga oddiygina:

– Hali dadang ishdan kelsin, seni aytib beraman, – degan gapning o‘zi necha zamonlardan beri biz uchun asosiy tarbiya vositasi bo‘lib kelayotgani ota, og‘a-inilarimizning hayotdagi o‘rni, mavqeini ko‘rsatadi.

Ammo bugun: “Qizlarimiz o‘zlarini qo‘yib yuborishyapti”, “Ayollarimizning kiyinishi, gap-so‘zlaridan hayo pardasi ko‘tarilib boryapti”, “Xotin-qizlar haqida gap ketganda bir paytlar tilga olishga xijolat tortadiganimiz “suyuqoyoq”, “jinoyatchi”, “firibgar”, degan ta’riflarni bemalol qo‘llayapmiz”, degan tashvishli gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. Albatta, har kim u ayolmi, erkakmi, fe’l-atvori, hayotidagi xato uchun avvalo, o‘zi aybdor. Lekin ba’zi ayol-qizlarning hatti-harakatlaridagi milliy o‘zanlaridan uzoqlashish hodisasida er kishilarning ham aybi bordek. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira, jurnalist Qutlibeka Rahimboyeva bilan bugungi suhbatimiz aynan shu mavzuda kechdi.

– Men ota, og‘a-inilar nihoyatda qadrlanadigan, o‘z navbatida ular ham oilaning aqli ayollariga suyanchiq bo‘ladigan muhitda ulg‘ayganman. Yashayotgan xonadoshimda ham shu an’ana ustuvor: Hamma masalada oxirgi so‘zni ota aytadi. Lekin jamiyatda ko‘pchilikning tili diliga bir savol kela boshladimi, bunda, albatta, yechilishi kerak bo‘lgan muammo bo‘ladi.

Yon-atrofimizdagi ba’zi ayollarning ayollik nafosati, ayollik mas’uliyatidan qandaydir darajada uzoqlashayotganida er kishilarning ham aybi bor. Qaysi oilada ota, og‘a-inilar o‘zlarining ta’minotchilik, or-nomus qo‘rg‘oni uchun soqchilik, mardonalik, himmatlilik kabi er kishiga xos asosiy fazilatlaridan uzoqlashsa, dangasaligi, irodasizligi, bo‘shangligi, hayot murakkabliklari oldida zaifligi tufayli bu fazilatlarga erisha olmasa yo erishganlarini boy bersa, demak, xuddi shu oilada muvozanat buziladi. Oila iqlimi salbiy tomonga o‘zgaradi.

Albatta, bu holatni yurtimizdagi barcha xonadon erkaklariga nisbatan qo‘llash – o‘rinli emas. Chunki atrofimizda ibratli o‘g‘illar, namunali otalar, havas qilsa bo‘ladigan aka-ukalar juda ko‘p. Va ular tufayli qayoqqa borsa, mashinada savlat to‘kib o‘tiradigan nuroniy onaxonlar, har nafasda:

– Eringiz – mehribon-da, eringizga sevimlisiz-da, yasharib ketyapsiz, – degan olqishni eshitadigan ayollar, “Kumushbibining izdoshlari” degan chiroyli tashbehlarga sazovor bo‘lib yashayotgan qizlar bor. Lekin shu barobarida devangirday o‘g‘li bo‘laturib, ikki yelkasi bir joyga kelib, bukilib bozordan xarajat tashiyotgan, hayot yuklari ostida ozib, qorayib ketgan onalar, erlari uyda televizor qarshisida yonboshlab yotib, shaharma-shahar tijorat qilib yurgan ayollar yoki qimochdek og‘a-inisi bo‘laturib, “odam savdosi”, “fohishabozlik” degan odam tilga olishga ham hazar qiladigan ko‘lmakka, balchiqqa aralashib qolgan yoshgina qizlar ham borki, ularning tortayotgan mashaqqatlari, hayotlaridagi toyish-toyrilishlarda o‘zlari mansub bo‘lgan xonadon, sulola erkaklarining kattagina gunohi bor.

Ehtimol, bu hodisada faqat ularning emas, o‘zimizning ham aybimiz bordir, ehtimol. Chunki zamonamiz ayollarining aksariyat qismi oila va farzandlar tarbiyasida ko‘proq yukni o‘z zimmalariga olib qo‘yyaptilar, nazarimizda.

Ayollardagi:
– E, erimning qo‘liga qarab o‘tiramanmi? Kuch-quvvatim bor: o‘zimni, bolalarimni o‘zim ta’minlayman, – degan kayfiyat erkaklarning g‘ayrat-shijoatini, undan ham yomoni, mas’uliyatini susaytirib qo‘yayotgandek. Ayrim er kishilarning ayollarning g‘ayrati, faolligi soyasida qolib borayotgani oiladagi muhitga ham ta’sir qiladi. Aksariyat ayollarda hukmronlik ruhiyati kuchayadi. “O‘zim pul topdimmi, o‘zim bilganimcha sarflayman”, degan kayfiyat paydo bo‘ladi. Bu kayfiyat bir ayol doirasida qolib ketmaydi. Jamiyatda hashamatga o‘chlik, haddan tashqari maishiy hayot bilan o‘ralashib, yerbag‘irlab qolish, ma’naviy qashshoqlik kabi illatlarga yo‘l ochadi. Buning ustiga, oiladagi farzandlar uchun ham ota qadrsizlanadi, ular otaning talabchan, qattiqqo‘l tarbiyasidan mosuvo o‘sadilar. Ehtimol, ichuvchi, chekuvchi o‘g‘lonlar, yengiltak qizlar ham mana shunday muhitdan o‘sib chiqar...

Chunki tabiiy muvozanat buzilgan joyda, er yoki ayolning tabiiy vazifasi, tabiiy yashash tarzidan uzoqlashgan paytda xatolik yuz beraveradi.

O‘g‘il bola tarbiyasi
Hayotdagi biror muammo o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ehtimol, ba’zi yigitlarimizda ma’naviy, jismoniy kamolotga erishish uchun qat’iy harakat yo‘qligida, ularning bozorda aravakashlik qilish yoki mardikorlikka ko‘naverishlariga, “erkaklarbop ish yo‘q”, degan bahonaga o‘rganib qolishlariga, balki, qizlar tarbiyasiga berilayotgan e’tibor ham sababdir. Chunki hozir faqat oilada emas, maktabda, litsey-kollejlar, oliygohlarda qizlarni rag‘batlantirishga, qo‘llab-quvvatlashga juda katta ahamiyat berilmoqda. Turli to‘garaklar, tanlovlar, musobaqalar... Bular – yaxshi, albatta. Lekin yana o‘sha tabiiy muvozanatni saqlash uchun o‘g‘il bolalar tarbiyasiga ham e’tibor berish kerakka o‘xshaydi. Axir, ota-bobolarimiz bejizga o‘smir yoshidan o‘g‘il bolalarni otga mindirmaganlar, kurash tushirmaganlar, qo‘liga o‘q-yoy bermaganlar...

O‘g‘il bolalarda er kishiga xos fazilatlarni tarbiyalashning yangidan-yangi usullarini o‘ylash kerak. Sport – bitta yo‘li. Kitobxonlik, shaxsiy ibrat – yana bitta yo‘li. Yana va yana bu yo‘llarda izlanish kerakki, o‘g‘lonlarimiz qalbida g‘ayrat, shaxdu shiddat mardlik buloqlari ko‘z ochsin!

Mehnat emas, rag‘bat
Gap avvalida ham, bu fikrga bir “teginib” o‘tilgan edi. Yana shu fikrga alohida urg‘u berilishi shartdek tuyulyapti.

Oila ta’minotini gardaniga olish er kishi uchun mehnat emas, rag‘batdir. “Ayolimni, farzandlarimni hech kimdan kam qilmayman. Xotinimni birovga sarg‘aytirmayman, o‘g‘il-qizlarimning kelajakda yaxshi insonlar bo‘lib voyaga yetishlari, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman”, degan qat’iy ahd, maqsad er kishiga olg‘a yurish uchun, kasb sirlarini puxta egallash, iste’dodini kamol toptirish uchun turtki beradi. Er kishi shu maqsad bilan yashar ekan, o‘zi ham yuksaladi, xizmat mavqelari ko‘tariladi, mashinali, chiroyli uyli bo‘ladi. Tengqurlari orasida obro‘ qozonadi... Shunday ekan, ta’minotchi bo‘lishga intilish chinakam erkakday yashashga intilish ekanligi haqidagi fikrni ko‘proq targ‘ibot qilish kerakka o‘xshaydi.

Biz – ayollar
Jamiyat hayotida shunday shiddatli davrlar bo‘ladiki, bu jarayonda erkak-ayol baravar ishtirok etishi shartdek ko‘rinadi. Nazarimizda, bugun yurtimiz ulkan harakatlar maydoniga o‘xshaydi. Hamma fikriy, ruhiy, jismoniy harakatda. Uxlab, mudrab yotgan barcha hujayralar uyg‘onib ketgandek.

Endi shunday kunda:
– Biz ayolmiz. O‘sma-surmamizni qo‘yib, uyda o‘tiraveramiz, – deyish ham to‘g‘ri emas. Millat tiklanishi, yurt taraqqiyoti uchun biz – ayollar ham kamarbasta bo‘lmog‘imiz shart. Lekin bizning shiddatimiz jamiyatimizning kuchli jinslari er kishilarning g‘ayrat, jasoratini susaytirmasligi kerak. Biz ayol bo‘lib ona bo‘lib, singil-opa bo‘lib oila, jamiyat uchun bir kuch, bir jon bilan mehnat, xizmat qilsak, yigitlarimiz ikki baravar kuch bilan mehnat safining oldiga tushishlari zarur!

Erkaklarning mardligi ayollarda zariflik, ularning saxovati ayollarda muhabbat, ularning olijanobligi ayollarda mehr gullarini ochadi, ochaveradi.
Umida ADIZOVA yozib oldi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkakning qo‘lida baraka bor