Keyt Middlton va shahzoda Uilyam uch nafar farzandi bilan Vindzordagi Forest Lodge nomli sakkiz xonali yangi qarorgohga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Peopletalk xabar berdi.
Avvalroq qirollik oilasi Vindzor mulkida joylashgan, to‘rt xonadan iborat Adelaida kottejida uch yil yashagan edi. Endilikda esa Uilyam va Keyt yangi uylarida istiqomat qilish uchun kichik ta’mirlash ishlariga shaxsan mablag‘ ajratishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 43 yoshli shahzoda Uilyam Kornuoll gersogligidan yiliga taxminan 30 million dollar daromad oladi. Kuzatuvchilarning aytishicha, hatto Uilyam qirollik taxtiga o‘tirgan taqdirda ham oila aynan shu uyda qolishi mumkin.
Shu ora, shahzoda Jorj, malika Sharlotta va shahzoda Lui yaqin atrofdagi Ascot shaharchasida joylashgan Lambruk maktabida ta’lim olmoqda.
Oila Adelaida kottejida yashagan davrda qator sinovlarga duch keldi. Malika Keyt o‘tgan yil saraton kasalligidan davolanish jarayonida og‘ir kimyoterapiya kursidan o‘tdi. Shuningdek, ular ko‘chib kelganidan ko‘p o‘tmay, 2022 yil sentyabrda qirolicha Yelizavetaning vafoti tufayli motam tutishga majbur bo‘lishdi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, keyingi oylarda saraton kasalligidan aziyat chekayotgan qirol Charlz III ning salomatligi tobora yomonlashib borayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!