date

Nega yosh bolalar ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qiladi?

Nega yosh bolalar ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qiladi?

Bola o‘sib borishi bilan birga uning nutqi ham rivojlanadi. Biroq “tili chiqqan” har bir bolajon ham so‘zlarni aniq va to‘g‘ri talaffuz qila olmaydi. Savol tug‘iladi: bu holat nimalar bilan bog‘liq?

Tibbiyot fanlari doktori Abduazim Yuldashevning ta’kidlashicha, kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan nutq muammolarining ko‘pchiligi tashqi ta’sirlar yoki ota-onalarning e’tiborsizligi bilan bog‘liq.

Dislaliya — nutq buzilishining keng tarqalgan turlaridan biri. Unda bola ayrim tovushlarni to‘g‘ri aytolmaydi, boshqasiga almashtiradi yoki butunlay tushirib qoldiradi, — deydi mutaxassis.

Bu holat asosan 3–4 yoshli bolalarda kuzatiladi. Masalan, “mashina” o‘rniga “matina”, “shirinlik” o‘rniga “tirinlik” deyishi mumkin.

Dislaliyaning ikki turi mavjud: mexanik va funksional. Mexanik turi bolaning nutq apparatidagi kamchiliklar (to‘g‘ri joylashmagan tishlar, jag‘ shakli, qalin lablar, tanglayning nomuvofiq tuzilishi) sababli yuzaga keladi.

Funksional turi esa bir qator omillar bilan bog‘liq: bolaning og‘ir kasallik o‘tkazishi, oilada ikki tilda muloqot qilish, kichkintoy bilan kam suhbat qurish, noto‘g‘ri nutq muhiti, “bolalarcha” gapirish yoki fonemik eshitishning rivojlanmaganligi.

Davolash usullari turiga qarab farq qiladi. Mexanik dislaliyada ortodont va logopedlar birgalikda maxsus mashqlar tavsiya qiladi, ayrim hollarda esa jarrohlik amaliyoti zarur bo‘ladi.

Funksional dislaliya odatda 5 yoshgacha davolanmaydi. Agar bola shu vaqtga qadar ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri aytsa, u bilan ravon muloqot qilish, she’r yodlatish, qo‘shiq eshittirish orqali muammoni bartaraf etish mumkin. Biroq 5 yoshdan keyin ham “quyosh” o‘rniga “quyos” deyishda davom etsa, mutaxassis ko‘rigi zarur.

Logoped bolada og‘iz mashqlari va maxsus nutq usullari yordamida to‘g‘ri talaffuzni shakllantiradi. Shuningdek, og‘iz mushaklarini mustahkamlash ham foydali. Buning uchun kichkintoyga sabzi, olma, qattiq non yoki turshak kabi mahsulotlarni berish tavsiya qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Nega yosh bolalar ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qiladi?