21:28 / 25.02.2019
6 313

Eng go‘zal to‘rt xulq...

Eng go‘zal to‘rt xulq...
Hazrati Umar roziyallohu anhu shunday degan ekanlar: “Barcha do‘stlarni ko‘rdim, tilni muhofaza qilishdan ko‘ra yaxshiroq do‘st uchratmadim. Barcha liboslarni ko‘rdim; iffat va taqvodan ko‘ra yaxshiroq libos ko‘rmadim. Barcha mol-dunyoni ko‘rdim; qanoatdan yaxshiroq mol ko‘rmadim. Barcha yaxshiliklarni ko‘rdim; nasihatdan yaxshisini ko‘rmadim. Barcha ne’matlarni yeb, tatib ko‘rdim, sabrdan lazzatliroq ne’mat totmadim”.

Yo yaxshi so‘z ayt yoki sukut qil
Davrimizda, insoniy munosabatlarda yuzaga kelayotgan ko‘p muammolar tilni noo‘rin qo‘llanishdan kelib chiqmoqda. Zero, til xayrning kaliti bo‘lganidek, noo‘rin ishlatganda yomonlikka ham kalit bo‘la oladi. Shuning uchun tilimiz qalblarga xanjarday botmasligiga e’tibor berishimiz kerak. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirsa, yo yaxshi so‘z aytsin yoki sukut qilsin”.

Iffatni himoya qilishning eng yaxshi yo‘li—nikoh
Haq taolo bandasining iffatli va huzurli umrguzaronlik qilishini istaydi. Iffatni himoya qilishning eng yaxshi yo‘li – nikoh. Turmush qurishga imkoniyati yetganlarning nikohlanishi kerak bo‘lganidek, turmush qurishga kuchi yetmaganlarni nikohlab qo‘yish Islom jamiyatiga yuklangan ilohiy vazifa hisoblanadi. Bu xususda shunday oyati kariyma ham bor: “Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o‘ta bilguvchi zotdir.” (“Nur” surasi, 32-oyat)

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu ijtimoiy ibodatning qiymatini shunday ifodalaganlar: “Eng fazilatli shafoatlardan (va tashviq etilgan amallardan) biri—nikohda ikki kishining o‘rtasida turib yordam berishlikdir.”

Yomon fe’lning muoalajasi
Yomon xulqning eng tahlikali xislatlari bo‘lgan hirs va hasadning yagona muolajasi —ruhiyatni qanoat huzuriga erishtirish. Chunki qanoatning ko‘ngilga bergan ilohiy xazinalari hech qachon tugab bitmaydi. Bu xususda Allohning Rasuli sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qanoat— bitmas-tuganmas xazinadir”.

Shunday ekan, boylikning haqiqiy o‘lchovi—qanoatdir. Ilohiy taqsimotga rozi bo‘lishdir. O‘zidan ko‘ra qo‘li uzunroq kishilarga hasad qilmaslikdir. Boylikning haqiqiy lazzatini faqat qanoat bilan tatish mumkin.

Hazrati Mavlono quddusa sirruh shunday deydilar:
“Tirilish uchun o‘lingki, haqiqiy go‘zallik va boylikka noil bo‘lasiz!”

Faqat shuni unutmaslik kerakki, go‘zallar o‘zlariga termuladigan ko‘z, oshiq ko‘ngil istaydi. So‘qir ko‘zga go‘zallik, kar quloqqa nag‘ma tortiq qilinmaganidek, och tiynatlar ham qanoatning halovati va rohatini his etmaydilar.

Komil inson rizq va ne’mat uchun tashvishlanmaydi. Chin banda rizqning emas, Razzoqning ko‘yida bo‘ladi. Boshqalarning imkoni va ne’matlariga ko‘zu ko‘nglini olaytirmaydi. Haqiqiy banda mudom har holidan rozi bo‘ladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vassalamning go‘zal sabrlari
Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam Haq da’vosi yo‘lida faqat g‘ayri muslimlar va inkorchilardan emas, Islomning zarofat va nazokatini bilmaydigan yangi musulmonlarning qo‘polliklariga ham go‘zal sabr bilan toqat qilardilar. Dashtdan kelgan bir badaviy qo‘pollik bilan:

– Ey, Muhammad! Ey, Muhammad!- deya qayta-qayta baqirishlariga qaramay, Ul zot har gal muloyim uslubda:
- Labbay, nima istaysiz?- deya javob berganlar.
Ummati Muhammad, Haq taoloning do‘stlari ham o‘zgalarning o‘zlariga nisbatan qo‘polligiga, xato va qusurlarini ayb sanamaydilar. Ularni isloh qilish uchun har turlik mashaqqatlarga jonu dildan kirishadilar. Mana shu haqiqiy ilm va irfonning taqozosidir.

Eng go‘zal yo‘l
Demak, insonlarning aziyatlariga sabrsizlik qilish hikmatdan benasiblik va jaholatning oqibatidir. Ilm va irfon sohibi bo‘lganlar qanchalik, nazokatli bo‘lsalar, hikmatdan benasib va johil kimsalar qo‘pol, befahi va odobdan mahrum bo‘ladilar. Mavlono Hazratlari bu xususda shunday go‘zal ifoda etganlar:

“Aqlim qalbimdan “Iymon nima?” deya so‘radi. Qalbim esa aqlimning qulog‘iga “Iymon odobdan iboratdir” deya shivirladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhu “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur.” (“Fussilat” surasi, 34-oyat) oyati bilan bog‘liq shunday shunday deganlar: “Jahl paytida sabr va yomonlikka chorasiz qolgan onda avf—eng yaxshi yo‘l. Bunday yo‘l tutgan insonlarni Alloh muhofaza qiladi. Dushmanlari ularga bo‘yinsunib, sodiq do‘stga aylanadi.”
Umida ADIZOVA tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eng go‘zal to‘rt xulq...