
Har bir mushukning o‘ziga xos fe’l-atvori bor. Ba'zilari har doim miyovlab turadi, boshqalari esa sokinlikni afzal ko‘radi. Nega bunday farqlar yuzaga keladi? Yaqinda Yaponiyada o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot bunga javob topishga harakat qildi – va bu javob mushuklarning genlarida yashiringan bo‘lishi mumkin.
BBC'ning xabariga ko‘ra, Kyoto universiteti olimi Yume Okamoto boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi mushuklarning xatti-harakatlarini o‘rganish uchun butun Yaponiya bo‘ylab mushuk egalari bilan hamkorlik qilgan. Mushuk egalari mushuklari haqida maxsus so‘rovnomani to‘ldirishgan hamda DNK namunasi uchun mushuklarning og‘iz bo‘shlig‘idan surtmalar olishgan.
Tadqiqotchilar androgen retseptori (AR) deb ataluvchi genni tahlil qilgan. Ushbu gen tananing testosteron kabi gormonal ta’sirlarga qanday javob berishini nazorat qiladi. AR geni X xromosomada joylashgan bo‘lib, unda ma’lum DNK ketma-ketliklari takrorlanib keladi. Qisqaroq takrorlar genni gormonlarga nisbatan sezgirroq qiladi. Qisqa AR geniga ega mushuklar dadil va gapdon bo‘ladi.
Tadqiqot 280 dona mushuklar ustida o‘tkazilgan bo‘lib, tadqiqot natijasida qisqa AR variantiga ega mushuklar ko‘proq pishillash va insonlarga qarata miyovlash bilan ajralib turishi aniqlangan. Erkak mushuklarda bu gen varianti ularni ovozli va talabchan qiladi – masalan, ovqat so‘rash yoki tashqariga chiqishni istashda. Ayol mushuklarda esa bu gen tajovuzkorlik bilan bog‘liq bo‘ladi – ayniqsa begona insonlarga nisbatan.
Uzoqroq va faol bo‘lmagan AR geniga ega mushuklar esa ancha sokin bo‘lishadi. Ajablanarlisi shundaki, bu gen ko‘pincha nasldor, ya’ni mo‘tadil xarakterga ega bo‘lishi uchun seleksiya qilingan zotli mushuklarda uchraydi.
Mushuklarning insonlar bilan birga yashash ularning yanada “gapdon”, ya’ni ovozli bo‘lishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin, biroq bu har doim ham qulay emas – ba’zida tajovuzkorlik ham ortadi.
Okamoto boshchiligidagi tadqiqot mushuklarning xulqi nafaqat genetik, balki atrof-muhit omillari bilan ham shakllanishini ko‘rsatadi. Masalan, mushuklar inson e’tiboriga muhtoj bo‘lgan, resurslar cheklangan muhitlarda o‘zini dadilroq tutishga majbur bo‘ladi. Bu esa ularning ko‘proq miyovlashi yoki hatto tajovuz ko‘rsatishiga olib keladi.
Bu turli fe’l-atvorlar tabiatda yashab qolish uchun zarur bo‘lgan muhim jihatdir. Bir xil mushuk tipining mavjud bo‘lishi mumkin emas – ba’zilariga uy sharoitida “so‘zgo‘y” va jonkuyar fe’l foyda bersa, boshqalariga tinchlik va kuzatuvchanlik foyda beradi.
O‘zbekiston mushuksevarlari uchun bu tadqiqot muhim xulosa beradi: mushukning ovoz chiqarishi yoki begonalarga munosabati – bularning barchasi nafaqat tarbiya yoki muhitga, balki uning genlariga ham bog‘liq. Agar sizning mushugingiz har kuni siz bilan “suhbat” qurishga urinayotgan bo‘lsa, ehtimol, bu uning genetik merosidir.
Shuning uchun har bir mushukni o‘z dunyosi, o‘z tabiatiga ega jonivor sifatida qabul qilish muhimdir. Bu ularni yanada yaxshi tushunishga va ularga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilishga yordam beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar