10:06 / 13.03.2019
3 601

Qachon qusurlarimizni maʼnaviyat mezoni bilan oʻlchaymiz?

Qachon qusurlarimizni maʼnaviyat mezoni bilan oʻlchaymiz?
Bolaligimizda toʻy boʻlishini intiqib kutardik. Sababi – buvim toʻydan qaytganlarida yosh bolalar – biz nevaralariga toʻydan qand-qurs, shirinlik, xullas, toʻyxona egalari tugunga solib yuborgan yeguliklarni ulashardilar. Hali hanuz olislarda qolgan bolaligimni sogʻinch bilan qoʻmsaganimda, buvimning boshdagi tugun va undagi toʻyxonaning hidi kelayotgan nasibasi koʻz oldimda namoyon boʻladi.

Ulgʻaydik. Endi toʻy-marosimlarga qatnashadigan, mahalla-kuyga aralashadigan boʻldik. Ulgʻayganimiz sari zamon oʻzgarib bordi. Zamonga mos dunyoqarashimiz, ruhiyatimiz ham oʻzgardi. Kundan kunga oʻzgarib bormoqda. Har turli oʻzgarishlar aro endi oʻzimiz ham hayronu lolmiz. Oʻzgarishlarning ijobiylari-ku, mayli, foydamizgadir, ammo salbiy tomonga oʻzgarayotgan odatlar har turli illatlarni keltirib chiqarmoqdaki, koʻp taʼkidlanganidek ortiqcha dabdabayu, oʻzimiz zararimizga kashf qilgan odatlardan yana oʻzimiz aziyat chekayotirmiz. Achinarlisi, ortiqcha kuchanish belni zoʻriqtirayotganini tan olmaymiz... Qiziq-a? Asli odam bolasining tabiati gʻalati-da. Osonlashtirish oʻrniga hammasini murakkablashtirishadi. Oʻziga zulm qilishni yaxshi koʻradimi-yey, deb oʻylab qolaman, baʼzida ayrim odamlarning, toʻgʻrirogʻi ayollarning hatti-harakatlarini kuzatar ekanman.

Mayli, demoqchi boʻlganlarimdan biroz chalgʻib ketdim. Mulohazalarim avvalida buvimning toʻydan biz bolalarga nasiba keltirishlari haqida aytdim. Xalqimizning bunday udumlari zamirida, albatta, oʻzaro mehr-muruvvat, oqibat va qarindosh-urugʻchilik, qoʻni-qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlash kabi ezgu niyatlar mujassam. Hadya mehr-muhabbatni oshiradi, odamlarni yanada bir-biriga jipslashtiradi. Keksalarimiz bir dasturxon atrofida oʻtirib, bir qozondan suzilgan taomni birgalashib yeyish bilan kishilarning bir-birlariga yaqin boʻlishlarini aytishadi. Toʻy va toʻyga oʻxshash shodiyona marosimlardan nasiba ulashish ham shunday ezgu niyatlar bilan qilinajak amallardandir.
Ammo bugunga kelib bu chiroyli udumlarimizga ham kibr, riyo, manmanlik, dabdaba va ortiqcha chiranish kabi illatlar aralashib, yoqimsiz, keraksiz va hattoki uyalgulik odatlarga aylanyapti. Ogʻriqli jihati shundaki, toʻy qolib hatto aza marosimlarida ham taʼziyali uy egalari koʻngil soʻrab kelganlarning qoʻliga nasiba solingan xalta tutqazib yuborishyapti. Toʻgʻrisi, bu antiqa odat poytaxt hududida “rasm” ekan. Dastavval, bu “antiqa” udum haqida eshitganimda ishonmadim. Suhbatdoshim qayta-qayta koʻngil soʻrab borgan taʼziyali xonadonidan non, shirinlik va pishiriqlar, qand, holva kabi tansiq yeguliklar solingan xalta bilan qaytganini aytgan edi, asli poytaxtlik boʻlgan hamkasbimga savol nazari bilan qaradim.

– Ha, shunday odat bor, dedi hamkasbim nigohlarimdan nima demoqchiligimni uqib. – Oʻlik chiqqan kunining uchinchi kunida qandaydir marosim qilib, taʼziyaga kelgan ayollarga xaltada yeguliklar ulashiladi...

Tavba, endi bunisi chindan ham ortiqcha, yo notoʻgʻrimi?! Ham jon, ham non ekan-da! Toʻydan nasiba ulashish, mayli, zamirida hammani ham toʻyga yetkazsin, degan istak bilan qilinar, lekin taʼziyadan taom tarqatishdan ne maʼni?

– Yaqinda birin-ketin ikki joyda taʼziga bordik, deydi Zamira ismli ayol. Birinchi borgan yerimizda qoʻlimizga xaltada ikkita non, shirinliklar, pishiriq va qand solib tutqazishdi. Tagʻin, nonlar ham oddiy obi non emas, katta patir nonlardan. Shirinliklar ham tansiq va qimmat shokoladlar. Ikkinchi joyda esa xaltalarga toʻrttadan patir non, pishiriq va shirinliklarga qoʻshib somsalar ham solishibdi. Hamrohlarim xaltasini hayratlanmay qabul qilib olishdi, men esa, biz tomonlarda bunaqa odat boʻlmagani uchun hayron qoldim. Bu odatni yoʻqotish kerak, menimcha. Undan koʻra, shuni olishga muhtoj boʻlgan ehtiyojmand oilalarga tarqatib, qarz yoki toʻlovlariga yordam berishsa, uning savobi ulugʻdir. Ammo taʼziya kelganlarning hammasi ham shunga muhtoj emas, ayrimlari maʼrakaxonadan berilgan taomni farzandlariga yedirishdan irim qiladi.

– Har narsadan ham yomonlik izlamaslik kerakmikan, deb oʻylayman, deydi boshqa bir toshkentlik mushtariyimiz.i – Siz aytayotgan udum yaʼni, azaga kelgan ayollarga yeguliklar ulashishda ham oʻziga xos maʼno bor. Shu taomlardan bahramand boʻlganlar oʻtganning ruhi haqqiga duo qilsin, marhumga koʻpning duosi boʻlsin, degan maʼnoda qilinadi bu odat...

Balki, chindan ham shundaydir. Xayrli maqsad, ezgu istak bilan xaltalarga yeguliklar taqsimlanar. Ammo... Ammo, birodar, oʻsha yaqinining aza marosimida koʻngil soʻrovchilarga qimmat va tansiq yeguliklar ulashayotgan vallomat, biror yetim, beva yo ehtiyojmandga atigi ming soʻm ehson qilarmikan?!

Ammo taassufki, unaaqalardan ehson tugul, muhtoj boʻlganida qarz soʻrasangiz bermaydi. Yaqin kishisining taʼziyasida koʻngil soʻrab borganlarga xalta ulashish bilan davlatini, mol-dunyosini koʻz-koʻz qilmoqchi boʻladi. Bu odat tagida boshdan oyoq manmanlik va kibr-havo yotibdi...

Toʻy nomi bilan toʻy. Uning shodligiyu quvonchi koʻpchilikniki. Yaxshi kunda, toʻyda kim yaqinining, kim begonaligi deyarli bilinmaydi ham. Ammo ogʻir kunda koʻngil faqat doʻstu yorlarning taskiniga, mehriga intiq boʻladi. Toʻyga borib bahri dilingiz ochiladi, ana shunday ajoyib, murodbaxsh kun sizga ham nasib qilishini soʻrab duo qilasiz.Taʼziyaga borganda esa koʻngil buziladi. Bu dunyoning oʻtkinchiligiga, jonimiz omonat, oʻzimiz ana shu omonatliklar ichra gʻanimat ekanimizni mulohaza qilamiz. Azada koʻngil soʻrab chiqish, taʼziyali xonadon ahlining dardiga sherik boʻlib, taskin-tasalli berish ham xalqimizning azaliy odatlaridan. Biroq keyingi paytlarda shu udumlarimiz ham “zamonaviy” tusga kiryapti. Aksariyat ayollar taʼziyaga borish madaniyatini, odobini deyarli bilmaydi.

Azaga borgan ayollarning kiyimi, pardoz-andozi ham meʼyordan ortib bormoqda. Bular ham oʻz yoʻliga, aza marosimlarining dasturxonlari toʻyning dabdabasidan sira farqlanmay qoldi. Hatto taʼziya maʼrakalarining restoran va qahvaxonalarda nishonlanayotgani, sarxil va tansiq noz-neʼmatlarni toʻldirib dasturxon bezatib mehmon kutishlariga ham koʻnikib qoldik. Bir tishlam non, yarim kosa ovqat, bir piyola choyga toʻyadi odamning qorni. Bu chiranishlar, behuda sarf-xarajatlar namoyishidan kimga qanday naf?

Toʻy marosimlarining restoran va qahvaxonlarda oʻtkazilishiga “ha mayli, shodiyona, murodbaxsh onlar, quvonch bilan oʻtgani yaxshi”, deb (Bir paytlari toʻylar hovlilarda, mahalla maydonlarida, hatto, koʻp qavatli uylarning maydonchalarida juda chiroyli qilib oʻtkazilardi. Tanish-notanish, qarindoshu begona birday quvnab yayrardi. Toʻylarning toʻy egasiniki qolib ovqatlanish muassasalarida oʻtkazilayotgani ham maʼlum maʼnoda odamlar orasidan mehr-oqibat koʻtarilishiga sabab boʻlmayaptimikan, degan xayolga boradi kishi. Bu borada ham mulohazalarimiz bor, ammo uni boshqa maqolada insho etishni niyat qildik.) noilojgina koʻna qolgandik, endi odamlar taʼziya maʼrakalarini ham restoranda kazo-kazolarni taklif etib kimoʻzar tarzda nishonlashga oʻtishdi.

– Bir hamkasbimizning otasi vafot etgandi, deydi tanish ayol. – Yil oshi munosabati bilan shaharning nomdor restoranlaridan birida ehson dasturxoni yozilayotganini aytishdi. Tushlik payti uch-toʻrtta ayol bir boʻlib ehsonga boradigan boʻldik. Hamrohlarimiz uch-toʻrt kishi bir boʻlib, bir togʻoradan pishiriq, somsa, norin va hokazo tansiq yegulik qilib ehsonga borishimizni aytdi. Toʻgʻrisi, bunaqa gʻayritabiiy odatdan hayron boʻldim. Oʻzi marhumni yodlash uchun yozilgan ehson dasturxoni boʻlsa, xudoyi, ehsonlikdan maʼno ochlarni toʻydirib, ularning duosini marhum haqqiga bagʻishlash boʻlsa, yana ehson marosimiga togʻora koʻtarib borish nimasi ekan?! Togʻora jonivorning ham eng arzoni 100-150 mingga tushadi.

Ha, bu xususda har kimda har xil fikr. Lekin aksariyat suhbatdoshlarimiz ortiqcha odatlarning ozoridan kuyinib gapirishdi. Shunga qaramay, keraksiz va behuda xarajatlarini bila turib, kezi kelganida shu bekorchi “zakun”lardan yozgʻirganlar ham boʻynini qisib “eldan chiqmaslik”ka urinadi. Axir hamma shunday qilyapti-da! Hammadan ayrilib qolish yaxshi emas. Allohdan uyalmaymiz-u, uning bandalaridan xijolat chekamiz. Dindan boxabarman deb safsata sotamiz-u, amallarimiz bidʼat va xurofot. Aslida qilayotgan amalimizda xayr va yaxshilik sezilmayotgan boʻlsa-da, savob qilayapman deb oʻzimizni oʻzimiz ovutamiz.

Moddiyat bilan manmanlik tuyish maʼnaviyatsizlikning eng yuqori nuqtasi ekanini anglash fursati kelmadimikan? Dinmizda, oʻng qoʻling berganini, chap qoʻling bilmasin, deyiladi. Savob dovrugʻi ostida gunohga botib, isrofu uvol bilan naf topib boʻlmasligiga hanuz iqror boʻlmagan biz bandalar qachon mazkur qusurlarimizni maʼnaviyat koʻzgusiga solib koʻrarkanmiz?..
Umida AZIZ

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qachon qusurlarimizni maʼnaviyat mezoni bilan oʻlchaymiz?