date

"Sho‘rtan" ustozi tan oldi: hujumdagi bo‘shliqlar hali to‘liq yopilmadi

"Sho‘rtan" ustozi tan oldi: hujumdagi bo‘shliqlar hali to‘liq yopilmadi

Superliganing 16-turi doirasida "Sho‘rtan" o‘z maydonida "Xorazm" jamoasini qabul qildi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Eldor Moyliyev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yinga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tajribali mutaxassis o‘yinning dastlabki paytlarida jamoasi kutilganidek faol harakat qilganini ta’kidladi:

— Bellashuvni faollik bilan boshlagan edik, birinchi bo‘lib hisobni ochishga ham muvaffaq bo‘ldik. Biroq, shundan so‘ng, ikki marta qarshi hujumga uchrab, darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordek. Ikkinchi taymda ham tashabbus asosan bizning tomonda bo‘ldi, ammo afsuski, uchinchi golni ham oldik. Raqib — "Xorazm" juda qattiq va intizomli tarzda himoyalandi. Biz kutilgancha xavfli vaziyatlar yarata olmadik. Bu kamchiliklar ustida ish olib boramiz. Jamoamiz endigina shakllanmoqda, futbolchilar bir-birini tushunishi uchun vaqt talab etiladi. Mashg‘ulotlarda aynan shu nuqsonlarni bartaraf etish ustida ishlaymiz.

Shuningdek, Moyliyev jamoaga yaqinda qo‘shilgan futbolchilar borasida ham to‘xtalib o‘tdi:

— Asosiy e’tiborni hujum chizig‘i va yarimhimoyaga qaratdik. Birinchi davradagi eng yirik muammolarimiz aynan oldingi chiziqda edi. Garchi to‘pni yaxshi nazorat qilgan bo‘lsak-da, raqib himoyasini yorib o‘tishda muvaffaqiyatimiz past bo‘lgan. Shu boisdan yosh va ijodkor, oldinga harakatlana oladigan futbolchilarni tanlab oldik. Ular kelgusi o‘yinlarda albatta katta yordam beradi, deb ishonaman.

Mutaxassis jamoaning bugungi o‘yinda qanday taktika asosida harakat qilganini ham ochiq qildi:

— Biz raqibni maydonning yuqori qismidan bosim ostida ushlash, hujumda faol va hujumkor harakat qilishni maqsad qilgan edik. "Xorazm"ning ayrim bosim vaziyatlarini oldindan his qilgandik va shunga mos ravishda uzoq masofali uzatmalarni qo‘llashga qaror qildik. Achinarlisi, aynan qarshi hujumlarda to‘p o‘tkazdik. Ilk ikki gol oldidan burchak zarbasi ijro etdik, biroq gollar aksincha o‘z darvozamizga kirdi. Bu holatda qarshi hujumlarga tayyor emasligimiz o‘z tasdig‘ini topdi.

Moyliyev jamoada tajribaga ega futbolchilarning yetarli emasligini ham yashirmadi:

— Rostdan ham jamoada tajribali o‘yinchilar soni kam. Davralar orasida bunday futbolchilarni jalb etish oson emas. Qolaversa, moliyaviy imkoniyatlarimiz ham yuqori saviyadagi futbolchilarni jalb qilish uchun cheklangan.

Shu bilan birga, u rejalashtirilgan transferlar haqida to‘xtalib, qaysi bitimlar amalga oshmay qolganini ham ochiq qildi:

— Albatta, amalga oshmagan kelishuvlar bo‘ldi. Bir nechta legionerlar bilan muzokaralar olib bordik, ammo oxiri ijobiy yakunlanmadi. Masalan, "Nasaf" klubi Sardor Bahromovni berishga rozi bo‘lgan edi, biroq keyinroq futbolchining oila a’zolari bu transferga qarshi chiqishdi. Natijada, bu futbolchini jamoaga jalb etish imkoni bo‘lmadi.

Eldor Moyliyevning jamoasi hozircha o‘z o‘yinini topa olmayotgan bo‘lsa-da, uning har bir so‘zida kelajakka ishonch va intilish bor. Yangi futbolchilarning moslashuvi va jamoaviy birlikni shakllantirishga qaratilgan harakatlar natija berishiga ishonmoqdamiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Sho‘rtan" ustozi tan oldi: hujumdagi bo‘shliqlar hali to‘liq yopilmadi