Superliga 16-turi doirasida “Andijon” va “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng, mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix jurnalistlar bilan muloqotda bo‘ldi, deb xabar berdi championat.asia.
Mutaxassis dastlabki taymga to‘xtalib o‘tar ekan, o‘yinni kutilgan darajada boshlay olmaganini tan oldi. Biroq birinchi 15 daqiqalikdagi harakatlar unga ma’qul kelgan.
— Birinchi bo‘lim biz rejalashtirgan ssenariyga to‘liq mos kelmadi. Shunga qaramay, dastlabki 15 daqiqalikdagi harakatlarimiz menga yoqdi. O‘yin oldidan kelishilgan taktikalar amalga oshgan holda boshlandi desak, xato bo‘lmaydi. Keyin esa jamoa orqaga surildi. Boz ustiga, futbolchilarning yuzida kuchli emotsional bosim sezilib turdi. Stadionga juda ko‘p sonli muxlislar kelgani, futbolchilarni hayajonlantirdi. Tanaffusda esa kamchiliklarni tahlil qildik va ba’zi jihatlarni to‘g‘rilashga harakat qildik.
Ikkinchi taym haqida gap ketganda esa, Shatskix jamoasi o‘zi istagancha o‘ynaganini ta’kidladi:
— Tanaffusdan so‘ng maydonda tamoman boshqa jamoa paydo bo‘ldi. Biz futbolchilarimiz oldiga gol urish kabi aniq vazifani qo‘ydik. Shu orqali o‘yin butunlay boshqacha rang oldi. Ikkinchi bo‘limda shogirdlarimni alohida ta’riflashim mumkin. Ular o‘yinga tezlik kiritishdi, to‘pni ko‘proq harakatlantirishdi. Shu bois, ikkinchi bo‘limdagi barcha harakatlarimiz natija berdi. Faqatgina maydonning holati bizni biroz qiyin holatda qoldirdi. Chunki oxirgi bir oy ichida bu yerda bo‘lmaganmiz. Biz kombinatsion futbol ko‘rsatishni xohlagandik, ammo buni doim ham bajara olmadik.
Matbuot anjumani davomida Shatskix yangi futbolchilar, darvozabonning o‘yini va jarohatlar masalasiga ham to‘xtaldi.
— Bugungi bahsda barcha futbolchilarning harakatlaridan qoniqdim. Asosiy tarkibda yangi futbolchilardan 5 nafarini maydonga tushirdik. Ular jamoaga yaqinda qo‘shilgan. Biroq ularning umumiy saviyasi yetarli darajada yaxshi. Futbolchilar o‘zaro tushunish borasida hech qanday muammo tug‘dirishmadi. Biz har bir o‘yin orqali o‘z o‘yinimizni rivojlantirib boramiz, — dedi u.
Jurnalistlar Shahzod Azmiddinov va boshqa ayrim futbolchilarning holatini ham so‘rashdi. Shatskix bu savollarga shunday javob berdi:
— Azmiddinovning hozirgi holati yaxshi. Uning tanasida jiddiy jarohat yo‘q. U “Paxtakor”dan kelgan. U yerda mashg‘ulotlar tizimi boshqacha bo‘lgan. Shu sababli u jamoamizga turlicha tayyorgarlik bilan qo‘shildi. Shuningdek, u ko‘p muddat yoshlar jamoasida harakat qilgan. Yosh futbolchilar bilan ishlashda jismoniy jihatdan jiddiy mashq qildirish kerak bo‘ladi, bu esa unga oson emas. Sunnatillo Hamidjonov ham ko‘p mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborgan. Ismoil Akinode esa ma’lum bir vaqt futboldan uzoqlashgandi va u individual tayyorgarlik bilan shug‘ullandi. Ularning barchasini asta-sekin asosiy tarkibga qo‘shib boramiz. OCHL o‘yinlarigacha eng yaxshi holatda bo‘lishimiz kerak.
Shuningdek, darvozabonning harakatlari haqida shunday dedi:
— Bugungi bahsda u ajoyib o‘yin namoyish etdi. Ayniqsa, muhim epizodlardagi harakatlari yuqori bahoga loyiq.
So‘nggi savollardan biri esa Bektemir Abdumannonov va Doniyor Abdumannopov haqida bo‘ldi:
— Ularning pozitsiyalarini o‘zgartirishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Buni hatto o‘zlari ham hal qilishlari mumkin. Biz ularga bunday masalalarda erkinlik berganmiz. Agar raqib himoyachisi bir futbolchini “o‘qib olgan” bo‘lsa, uning pozitsiyasi o‘zgartirilishi mumkin. Bu esa raqib himoyachilariga yanada ko‘proq muammo tug‘diradi. Shu bois, biz buyruq bermaymiz, bunday qarorni ularning o‘zi ham qabul qilishi mumkin.
Shatskixning bu gaplari jamoada erkin muhit borligini yana bir bor isbotlaydi. “Andijon” ikkinchi davra oldidan kuchli tayyorgarlik ko‘rayotgani, futbolchilarning bir-birini to‘g‘ri tushunayotgani va jamoa ichidagi sog‘lom raqobat bu klubni yanada yuqori natijalar sari yetaklashi mumkin.
Maksim Shatskix: Ikkinchi bo‘limda jamoam to‘liq ochildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar