07:39 / 27.12.2019
4 257

Sababli dunyo

Sababli dunyo
Alloh subhonahu va taolo har bir narsaning paydo bo‘lishi va yuzaga chiqishi uchun sabablar yaratgandir. Binobarin, har bir narsaning sabablaridan so‘ramoq lozim bo‘ladi.

Unga bir qancha misollar keltiramiz:
1) Aqlning komilligi insoniy quvvatlarning mo‘’tadilligidan hosil bo‘ladi;
2) Har kim bilan murosa-yu madoroda bo‘lmoq aql bilan hosil bo‘ladi;
3) Dunyoda tinchlik va tiriklik qilmoq murosa-yu madoro bilan hosil bo‘ladi;
4) Izzat qanoat bilan hosil bo‘ladi;
5) Hojatlarning ravo bo‘lmog‘i iffat, ya’ni parhezgorlik bilan hosil bo‘ladi;
6) Iffat noshar’iy narsalardan ko‘z yummoq bilan hosil bo‘ladi;
7) Sir va asrorlarning maxfiy qolmog‘i boshqalarning sirlarini maxfiy tutmoq bilan hosil bo‘ladi;
8) Rizqu ro‘z talab etmoq bilan hosil bo‘ladi;
9) Ne’matning ziyoda bo‘lishi shukrona bilan hosil bo‘ladi;
10) Ne’matning zavolga uchrashi noshukrlik bilan hosil bo‘ladi;
11) Maqtovga sazovor bo‘lish saxovat bilan hosil bo‘ladi;
12) Oshna-og‘aynigarchilik ochiq yuzlilik bilan hosil bo‘ladi;
13) Judolik ko‘p ta’na-malomat qilish bilan hosil bo‘ladi;
14) Muhabbat hadya, sovg‘a-salom bilan hosil bo‘ladi;
15) Dushmanlik va’daga xiloflik bilan hosil bo‘ladi;
16) G‘aflat nafsning nojoiz xohish-istaklarini amalga oshiraverish bilan hosil bo‘ladi;
17) Fisqu fujur, gunohga botmoq uni yengil sanashlik bilan hosil bo‘ladi;
18) Faqir va kambag‘allik isrof bilan hosil bo‘ladi;
19) Xorlik tama bilan hosil bo‘ladi;
20) Mahrumlik dangasalik bilan hosil bo‘ladi;
21) Gina-kudurat badxo‘ylik bilan hosil bo‘ladi;
22) G‘azab jaholat bilan hosil bo‘ladi;
23) Jaholat yengiltaklik bilan hosil bo‘ladi;
24) Ulug‘lik va baland martabalik kamtarlik va tavoze bilan hosil bo‘ladi;
25) Kamtarlik hilm, yumshoq tabiatlilik bilan hosil bo‘ladi;
26) Hilm esa andishalik bilan hosil bo‘ladi;
27) Uzoqni ko‘ra bilish esa ilm bilan hosil bo‘ladi;
28) Ilm, kasb o‘qib-o‘rganish bilan hosil bo‘ladi;
29) Kasb rostlik, to‘g‘rilik bilan hosil bo‘ladi;
30) Rostlik esa saodat va najotga sababdir.
31) Yolg‘onchilik shafovat va azobga boisdir.
32) Din va dunyoning ziyonati odob-axloq bilan hosil bo‘ladi;
33) Odob-axloq esa Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning axloq va fazilatlarini o‘zlashtirish bilan hosil bo‘ladi.

Ulamolar sababli dunyoda tajriba qila-qila, haqiqatini ko‘rib-bilib, so‘ngra quyidagicha vasiyat qilib ketganlar:
1) Agar sirlaring dushmanga zohir bo‘lmasligini xohlasang, ularni do‘stingga aytmagin!
2) Agar o‘zingga odamlarning xayrixohliklarini xohlasang, boshqalarga xayrixoh bo‘lgin!
3) Agar mehnatingning zoye bo‘lmasligini xohlasang, odamlarning mehnatlarini zoye’ qilmagin!
4) Agar beg‘am bo‘lmoqni xohlasang, hasad qilguvchi bo‘lmagin!
5) Agar xafalikdan uzoq bo‘lmoqni xohlasang, qo‘lingdan chiqib ketgan narsaga g‘am qilmagin!
6) Agar obro‘mand bo‘lmoqni xohlasang, kamtarlik va viqor – og‘ir-bosiqlikka odat qilgin!
7) Agar aldanib qolmaslikni xohlasang, qilmagan ishni qilgan deb hisoblamagin!
8) Agar hamma odamlarni o‘zingga do‘st va oshno bo‘lmoqlarini xohlasang, hech kimning gina va adovatini ko‘nglingda saqlamagin!
9) Agar xaloyiqqa kulgu bo‘lmaslikni xohlasang, yurish-turishingni yaxshi qilgin!
10) Agar ziyrak va donolardan bo‘lmoqni xohlasang, o‘z suratingni boshqalarning "oyna"larida ko‘rgin!
11) Agar odamlarning eng yaxshisi bo‘lmoqni xohlasang, mol-dunyongni mumkin qadar odamlardan darig‘ tutmagin!
12) Agar martaba va qadringni baland bo‘lmog‘ini xohlasang, boshqalarning qadrini bilgin!
13) Agar ozod (erkin) bo‘lmoqni xohlasang, bejo tamagirlikdan uzoq bo‘lgin!
14) Agar arz so‘raguvchilardan bo‘lmoqni xohlasang, qo‘l ostingdagilarni aziz tutgin!
15) Agar komil inson bo‘lmoqni xohlasang, o‘zingga loyiq ko‘rgan narsani boshqalarga ham loyiq va munosib ko‘rgin!
16) Agar ko‘nglingga hech bir jarohat yetmaslikni xohlasang, nodon va johillar bilan bahs va munozara qilmagin!
17) Agar tilingni "uzun" bo‘lmog‘ini xohlasang, qo‘lingni "qisqa" qilgin!
18) Agar odamlarning oralarida maqbul bo‘lmoqni xohlasang, karam va ehson qiluvni ixtiyor etgin!

(Abdurrahmon Sayyoh Toshkandiy. Tanvir ul-ahdoq fiy makorim al-axloq. – Toshkent, 1913. – B. 76-80).

Hamidulloh Beruniy

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sababli dunyo