10:50 / 05.01.2020
3 155

«Odamlar nima deydi?» — Kimo‘zarga to‘ychivonlik va ma’rakabozlik haqida uch hikoya

«Odamlar nima deydi?» — Kimo‘zarga to‘ychivonlik va ma’rakabozlik haqida uch hikoya
2020 yil 1 yanvardan Oliy Majlis palatasi Kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom kuchga kirdi.

To‘y-ma’rakalarni tartibga solish bo‘yicha hukumat darajasida qarorlar qabul qilinayotganining o‘zi jamiyatimizda palak otgan to‘ychivonlik va ma’rakabozlik illatiga barham berishni maqsad qilgan.

Keling, to‘y va ma’rakalar ayni paytda qanday o‘takazilayotgani haqidagi uchta hikoya bilan tanishib, ularni qay tartibda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida fikrlashaylik.

Birinchi hikoya
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan chol kuzda 76 yoshida vafot etdi. Janozani o‘tkazib, uch kundan keyin «xudoyi» qilishdi. Qo‘y so‘yilib, 35-40 kilo guruch damlandi. Shunga yarasha joy hozirlandi, dasturxon tuzaldi.

Keyin, qirq kungacha har payshanba, yakshanba kunlari dasturxon tuzalib, bu xonadonda fotihaxonlik bo‘ldi.

Nihoyat, janozadan qirq kun o‘tib «qirq» ehsoni bo‘ldi. Yana bitta qo‘y so‘yildi, yana 35-40 kilo guruch damlandi.

Mahalladoshlarimiz cholning janozasida, «xudoyi»sida qatnashishdi, kamiga esa yana ikki-uch martadan fotihaga kelishdi. Oxiri «qirq» ehsonini ham yeyishdi va shu bilan vafot etgan cholning farzandlari fotihaga keluvchilardan qutuldi. Ammo...

Ammo, janozadan 50 kun o‘tib qo‘shnimiznikidan azamonand kiyingan bir guruh ayollar chiqishyapti. Ular fotihaga kelishgan. Marhumni qabrga qo‘yib kelishganiga 50 kun bo‘lyapti. Erkaklar «qirq»ni o‘tkazib fotihaxonlikni tugatishdi. Ammo ayollarni fotihaxonligi ikki oyda ham tugamayapti.

Boshqa joylarda qandayligini bilmadim-u, ammo, biz taraflarda (Urgutda) ayollar janozadan ikki oy o‘tkazib ham payshanba va yakshanba kunlari aza bo‘lgan xonadonga takror-takror fotihaxonlik qilish uchun boraverishadi. Mabodo, ularni kimdir qaytarsa ham «bormasam faloncha (azador ayol) xafa bo‘ladi», deb ham qo‘yishadi.

O‘z navbatida aza bo‘lgan xonadon ayollari ham agar mahalla ayollari fotihaga bir kelib qayta kelishmasa «falonchaning oqibati yo‘q, fotihaxonlikka bir marta kelib qayta kelmay ketdi», deb gina ham qilishadi.

Xullas, bu odat va majburiyat darajasiga chiqib bo‘lgan. Azador xonadon ahllari janozadan keyin hamma ishini yig‘ishtirib erkaklarni qirq kun, ayollarni esa 60 kun atrofida har payshanba, yakshanba kunlari dasturxon tuzab fotiha qilishga keladiganlarni kutishga majbur.

Bunday tashvish boy va o‘rtahollarga bilinmas, ammo kambag‘allar qiynalib qolishyapti: bolasi kasal, ayolining mazasi yo‘q, sharoiti haminqadar, qo‘lida puli yo‘q. Ana shunday holatda qarz olib bo‘lsa-da, turli aza marosimlarini va ikki oylab cho‘ziladigan fotihaxonlikni o‘tkazishga majbur.

«O‘tkazmasa nima bo‘ladi, ayb o‘zida», deysizmi?

To‘g‘ri, ayb o‘zida ham bordir, lekin kimdir qaysidir sabab bilan vafot etgan ota-onasining biror ma’rakasini o‘tkaza olmasa, el orasida «sen onangni/otangni falon ma’rakasini nega o‘tkazmading?» deb so‘roqqa tutadiganlar yoki «sen otangni/onangni falon ma’rakasini o‘tkaza olmagansan», deb kamsitib, ta’na qilib gapiradiganlar bor.

«Hoy faloncha, o‘tir buyoqqa. O‘zi sharoiting og‘ir. Ona/otangni falon ma’rakasini o‘tkazishing shart emas. Undan ko‘ra kasalmand bolangga, mazasi bo‘lmayotgan ayolingga qara. Ro‘zg‘oringning kam-ko‘stini qil», deyish o‘rniga «Otangning falon ma’rakasini qachon o‘tkazasan?» yoki «nega o‘tkazmayapsan?» deb so‘roqqa tutsa yoki «o‘tkaza olmading», deb kamsitib ta’na qilsa, buni qanday tushunish kerak?!

Ikkinchi hikoya
Kuz bo‘yi boshimiz to‘ydan chiqmadi. Bir kunda uchtagacha to‘y bo‘ldi. Ertalab nahor. Tushda qandaydir ziyofat yoki ehson. Kechga yaqin ertaga bo‘ladigan boshqa bir nahorning sabzito‘g‘rari. Urgutda sabzito‘g‘rarda ham kamida 50-60 kg guruch damlanadi, shunga yarasha 300 chog‘li odam keladi.

Ertasi kuni ertalab yana nahor, yana ziyofat, yana sabzito‘g‘rar. Ikki oy: oktabr, noyabrni shu taxlit to‘yxo‘rlik bilan o‘tkazdik. Nihoyat, dekabr oyiga kelib, kunlar sovib, to‘ylar kamaydi.

Xo‘sh, «oshga o‘rganib qolgan erkaklar, to‘y-ma’rakalariga o‘rgangan ayollar endi nima qilishyapti?» deysizmi?

Erkaklar gap-gashtakni boshlab yuborishadi. Mahallamiz markazidagi choyxonada har kun tushda yig‘ilib halfana osh qilib yeyishadi. Ba’zida choyxonadagi oshni yeb, kekirib qaytayotgan ba’zi chollarga hazillashib «muncha oshni yeb qanday hazm qilasizlar, sizlarda qon bosimi, oshqozon yallig‘lanishi kabi dardlar bo‘lmaydimi?» desam, ularni ba’zilari «bolam, bizniki sovetni oshqozoni, yaxshi ishlaydi, Xitoyniki emas», deb qo‘yishadi kulib.

Ayollar ham qarab turishmaydi va «diydor shirin»ni boshlab yuborishadi.

Uchinchi hikoya
Bir tadbirkor o‘zi yashaydigan tuman hokimligi bilan maslahatlashib o‘ntacha kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini sunnat to‘yi qilib bermoqchi bo‘ldi.

Hokimlikdagilar tumandagi turli mahallalardan o‘nta bolani ota-onasiga bu xabarni yetkazishadi. Ular xursand bo‘lib qabul qilishadi.

Nega xursand bo‘lishmasin, axir to‘yni xarajatini tadbirkorlar qilyapti. Qolaversa, bunday to‘ylarda tadbirkorlar sovg‘a-salomni yaxshi qilishadi. Hokimlik ham qarab turmaydi, o‘z sovg‘alarini berishadi. Shunday ekan, quvonmay bo‘ladimi?

To‘y kuni ertalabdan ko‘zni quvnatib, bir xil kiyingan to‘y bolalar ota-onalari va qarindoshlari hamrohligida to‘yxonaga keladi.

Tuman hokimi tashrif buyurib to‘y bolalarning hammasini tabriklayapti, tadbirkorlar bilan sovg‘alarini beryapti. Xullas, hammasi chiroyli o‘tyapti.

Ammo, oradan biroz o‘tib, o‘sha to‘y bo‘lgan bolalardan birinikidan o‘sha tadbirkorga sunnat to‘yiga aytilgan taklifnoma keladi. Qarasa, o‘sha o‘zi to‘yini o‘tkazib bergan bolalardan birining sunnat to‘yiga taklifnoma.

Tadbirkor taajjublanib, bolaning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Ular esa «Hokimiyat va siz qilib bergan to‘y to‘y emas-da. O‘zimizning ham orzu-havasimiz bor. Shunga, mana to‘yni boshlab yubordik», deyishibdi. Tadbirkor esa nima deyishini ham bilmay lol.

Mana sizga xalqimizning to‘yga bo‘lgan munosabati. Hokimlik yoki tadbirkorlar to‘y qilib bergan ekan, o‘sha ota-onalar, «rahmat, bir tashvishdan qutuldik», deb o‘g‘lining to‘yiga atab yig‘ayotgan pulini oilasining kam-ko‘stiga, farzandining ta’limiga sarflasa bo‘lmaydimi?

Yo‘q, bo‘lmas ekan-da! Ularning ham «orzu-havaslari» bor ekan. Shuning uchun hokimlik yoki tadbirkorlar qilib bergan to‘y-u tomosha ularning gardanidagi to‘y majburiyatini soqit qilmas ekan.

«Keyin bilsam, sunnat to‘yini hokimlik yoki tadbirkorlar o‘tkazib beradigan ota-onalarning aksariyati farzandining sunnat to‘yini boshqatdan qilar ekan», deydi o‘sha tadbirkor.

Maqola boshida tilga olib o‘tilgan nizomga ko‘ra shu paytgacha xalqimizning yelkasida og‘ir yuk bo‘lib kelayotgan bir qator marosim va ma’rakalarni o‘tkazish taqiqlanyapti.

Bu nizomning qabul qilinishi juda to‘g‘ri ish bo‘ldi. Sababi, oxirgi paytlarda aynan ma’raka va marosimlarni kimo‘zar tarzida o‘tkazishda, yangidan-yangi ma’raka va marosimlarni o‘ylab torishda biz juda ham haddimizdan oshib ketayotgan edik.

Yuqoridagi uch hikoya bunga dalil.

G‘ayrat YO‘LDOSH.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Odamlar nima deydi?» — Kimo‘zarga to‘ychivonlik va ma’rakabozlik haqida uch hikoya