date

Chumchuq niqobli shifokorlar

Chumchuq niqobli shifokorlar
O‘rta asrlarda Yevropa va qisman Afrika hududlarida insoniyat tarixidagi eng dahshatli va o‘limli epidemiyalardan biri — vabo keng miqyosda tarqaldi. O‘sha davrda tibbiyotning rivojlanmaganligi, gigiyena va sanitariya talablarining yetarli emasligi sababli ushbu kasallik kutilganidan ancha tez yoyildi. Vabo havodagi zarrachalar orqali, insondan insonga yoki hayvonlar va hasharotlar orqali yuqishi mumkin bo‘lganligi uning keng va tez tarqalishiga zamin yaratdi.

Kasallikni nazoratga olish maqsadida hukumatlar shartnoma asosida maxsus shifokorlarni yollagan. Ushbu shifokorlar faoliyati qat’iy huquqiy asosga ega bo‘lib, ular bilan tuzilgan shartnomalarda xizmat majburiyatlari, imtiyozlari hamda to‘lov miqdori aniq belgilab qo‘yilgan edi.

Vabo tez va xavfli tarzda tarqalgani sababli, shifokorlar o‘z sog‘lig‘ini saqlash uchun maxsus himoya kiyimlarida faoliyat yuritganlar. Ularning eng ajralib turadigan atributi — uzun tumshuqli niqob edi. Bu niqoblar kristall oynali ko‘zoynaklar bilan jihozlangan bo‘lib, tumshuq qismiga qalampir, dolchin, lavanda, bibariya kabi dorivor o‘simliklar solingan. O‘sha davrda kasallik “zaharlangan havo” orqali yuqadi degan miasma nazariyasi keng tarqalgan bo‘lgan va ushbu niqoblar havo filtriga o‘xshash himoya vositasi sifatida qo‘llangan.

Bundan tashqari, vabo hasharotlar, xususan chivinlar orqali ham yuqishi mumkinligi sababli, shifokorlar qalin matodan tikilgan maxsus ustki kiyim, baland etik va qo‘lqoplar bilan to‘liq himoyalangan holda ishlaganlar.

Ushbu shifokorlar zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan yiroq bo‘lsalar-da, olimlarning kitoblarini o‘rganib, kasallikka qarshi davo topishga intilganlar. Antibiotiklar hali kashf etilmagan davrda ular har xil usullar orqali kasallikni to‘xtatishga harakat qilgan. Shunga qaramay, vabo yuzlab shaharlarda millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan.

Oradan asrlar o‘tdi. Tibbiyot sezilarli darajada rivojlandi. Ilmiy texnologiyalar, zamonaviy diagnostika uskunalari, samarali vaksinalar va tajribali shifokorlar mavjud. Biroq shifokorlarning inson salomatligini saqlashga bo‘lgan sadoqati, fidoyiligi va jasorati o‘sha davrlardagidek bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Chumchuq niqobli shifokorlar