14:18 / 26.09.2021
2 948

«Bolamning yuzini yerga qaratdim, ammo u meni hamon jannatim deyapti» - Mahkuma hikoyasi

«Bolamning yuzini yerga qaratdim, ammo u meni hamon jannatim deyapti» - Mahkuma hikoyasi
«Buxorolikman, yoshim 38 da, oilaliman, 2 farzandim bor. Bosqinchilik jinoyati bilan 12 yilga qamaldim. 4 yil muddatimni o‘tadim. Qamalishimdan oldin tadbirkor bo‘lganman. Qurilish materiallarini yetkazib berish bilan shug‘ullanardim, oziq-ovqat do‘konlari ochib, ularni yuritardim. Nima topsam, oilam, bolalarimga ilindim, ularni deb ter to‘kdim. Ammo bir kuni...».

«Mahkuma» loyihasini davom ettiramiz. Yettinchi qahramonimiz Gulruh Otamurodova ham oila dardida yugurib yurgan onalardan biri. U o‘z vaqtida yaxshigina tadbirkor bo‘lgan. Topish-tutishi shunchalik yaxshi bo‘lganki, hatto bolalarini enagaga qaratgan. Qamoqda esa jinoyati bilan birga bolalari mehriga to‘yib olmaganiga afsuslanmoqda. Quyida uning hikoyasini birga tinglaymiz.

«O‘z kuchimga ishonganman»
«Qamalgunimga qadar tadbirkorlik bilan shug‘ullardim. Ayollarni ish bilan ta’minlash maqsadim bo‘lgan, erishganman ham. Tikuvchilik korxonasini ochganman. Tikuvchilikdan unchalik xabarim bo‘lmagani uchun korxonani yurgizishga juda qiynalganman. Shuningdek, savdo, ishlab chiqarish, qurilish ishlari bilan shug‘ullanganman, ulgurji va chakana savdo bilan.

Oilam haqida gapiradigan bo‘lsam, men har doim o‘z oilamdan, ota-onamdan faxrlanib yurganman. Inson o‘z oilasidan qanchalik rozi bo‘lib yashasa, ichki ishonchi ham shuncha ortib boradi. Shu muhitda o‘sganim uchun ham ayol bo‘lishimga qaramay, erkaklar bajara oladigan yumushlarni qilganman, zimmamga katta mas’uliyatni olganman. Korxonamni mustaqil yuritganman, qo‘rquv bo‘lmagan. Nima maqsadni ko‘zlasam, shunga erishishga harakat qilganman. Inson hayotda qayerdadir xato qilsa, buni taqdirga yo‘yamiz, ammo undaymas. Barchasiga insonning o‘zi sababchi. Inson o‘z taqdirini o‘zgartirish o‘zining qo‘lida.

Jinoyat tufayli qamalishimdan oldin ayol boshim bilan juda ko‘p og‘irliklar yelkamga tushdi, hammasini yengib o‘tganman. Bilmadim, qayerdadir kuchsizlanib qoldimmi, moliyaviy tomondan qiyinchiliklarim boshlandi. Xullas, shu qing‘ir yo‘lga kirib qoldim. Bir hamshira ayol menga ukol qilib qo‘yardi. U qiynalib yurganimni bilgan va mo‘may daromadli takliflar bergan.

Turmushga chiqqanimdan keyin o‘zim mustaqil, yakka tartibda tadbirkorlik (YATT) faoliyatini olib bordim. Oradan 2 yil o‘tib, YATTdan aylanma mablag‘lar ko‘paygach, keyin ulgurji maqomdagi korxonaga aylantirdim. Boshqaruv ishlarida, albatta, turmush o‘rtog‘imga ishonganman. U bilan birgalikda ish olib borganmiz. «Qizilqumsement» AJ bilan hamkorlikda ishlab, u yerdan qurilish materiallarini olib, joylarga yetkazib berish bilan shug‘ullanganmiz. Ishlarimiz biz o‘ylagandan ham yurishib ketganidan keyin 2014 yilda «Qizilqumsement» AJga rasmiy diler bo‘lib, shartnoma tuzdik».

«Erim 5 yil davomida bizdan umuman xabar olmadi»
«Bugun ishim yurishib ketdi, degani har doim shunaqa deganimas. Bir kunda bitta xatoyingiz tufayli hayotingiz boshqa tomonga o‘zgarib ketishi mumkin. Xuddi meniki kabi. O‘sha paytlari qurilish mollari do‘konimiz, bir nechta oziq-ovqat do‘konimiz bo‘lgan. Qo‘limizda ko‘p miqdorda mablag‘ bo‘lganidan turmush o‘rtog‘im gangib qolgan. U menga ko‘p azoblar bergan. Bolalarimni ko‘rishga imkonim yo‘q edi. Ular tug‘ilgach, birdaniga enagaga berib yuborganman, qarashga. Ularni haftada 1-2 marta ko‘rardim, xolos.

Ona sifatida bolamni bag‘rimga bosib qarolmaganman. Sababi shuncha ishni o‘zim bajarishimga to‘g‘ri kelgan, hammasi bir o‘zimning yelkamda bo‘lgan. Ayol kishi qancha ish qilishidan qat’i nazar, baribir u ojiza. Ayolligimizga boramiz, barchasidan charchaymiz. Erim xiyonati tufayli u bilan munosabatlarimiz darz ketgani haqida ota-onamga biror marta borib aytmaganman. Muammolar avj olgachgina ular xabar topishgan.

Unga tinchgina ajrashish taklifini bildirganman. U keskin rad etgan, hattoki tahdid qilgan. Bundan qo‘rquvga tushib hech kimga aytmaganman. Aslida qo‘rqmaslik kerak. O‘sha paytda barcha ayollar kabi bolalarim otasiz qolishidan qo‘rqqanman. Tahdidlar qilgach, qo‘rqib hech kimga aytmadim. Vaqt o‘tib, erim turli sabablar tufayli xorijga chiqib ketdi. 5 yil davomida bizdan umuman xabar olmadi. Yolg‘iz ayol boshim bilan korxona ishlari, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullandim.

Erimning xiyonati haqida ilk marta eshitganimda, o‘zimni qo‘yarga joy topolmaganman, judayam alam qilgan. Buni nafaqat o‘zimga, balki butun oilamga nisbatan xiyonat deb bildim. O‘sha payti shunchalik oilamga sodiq bo‘lganmanki, topgan-tutganimni ota-onamga emas, faqat uyimga tashiganman. Faqat o‘z oilam deb harakat qilgan ayol bo‘lganman. Xiyonati sababini so‘raganimda, shunday degandi: «Odamlar oilada, korxonada meni emas, seni xo‘jayin, deb bilishadi. Men hech kimman ular uchun. Men senga xiyonat qilsam, o‘zimni odamlarga senda kuchliroq, zo‘rligimni isbotlagan bo‘laman».

Turmush o‘rtog‘imni hamma vaqt hurmatini qilganman. Korxonani tashkil qilishdayam erimdan ko‘mak so‘raganman. Men-ku aybim tufayli qamalganim uchun xabar olmayotgandir, lekin bolalarim begunoh bo‘la turib, ulardan ota sifatida hattoki telefon orqali xabar olmagan insonni kim deb atash mumkin?

Qizim 13 yosh, o‘g‘lim 12 yoshda. Ularning oldida emasligimdan, bolaligi mensiz o‘tib ketayotganidan judayam afsusdaman. Ularning oldida bir umr qarzdorman, deb bilaman. Ulardan kechirim so‘rayman. Yosh bolani enaga qo‘liga topshirib, pul topish bilan ovora bo‘lganman. Oqibatda nima bo‘ldi? Menga endi hech narsa kerakmas, ota-onam, bolalarim sog‘-omon bo‘lsa, shuning o‘zi yetadi. Ish, pul, boylik – hammasi topiladigan narsa».

«Aybim bor, tan olaman»
«O‘sha paytda qilgan jinoyatimni tan olaman, bunga o‘zim qo‘shilganman. Aybsizman, demayman. Bir guruh bosqinchilarni jinoyat joyiga o‘zimning mashinamda olib borganman. Ruhiy holatim yaxshi bo‘lganmagani sababli ular shu taklifni aytganida, rozi bo‘lganman. Lekin bu jinoyatim ortidan qamalib qolsam, bolalarim, oilamning ahvoli qanday kechadi, ota-onamning or-nomusi nima bo‘ladi deb oldindan o‘ylamaganman.

Tan olaman, aybim bor, bu jinoyatga qo‘shilganman, ammo jinoyat joyiga kirib nimadir olmaganman. Faqatgina mashinamda ularni olib borib qo‘yganman. Bunda bosqinchilik jinoyati sodir bo‘lgan. Menga 12 yil-u, 8 oy muddat berishdi. Uning 4 yilini o‘tadim.

Oliy sudga afv etishlarini so‘rab murojaat qilganman. Yetkazilgan zararni 80 foizidan ortig‘ini o‘zim to‘laganman. Jazoni ijro etish jarayonida pushaymonligimni inobatga olib, jazo muddatimni yengillashtirib berishlarini so‘radim, ammo jazo o‘zgarishsiz qoldirildi. Jazoning uchdan bir qismini o‘tagach, afv so‘rab murojaat qilish huquqiga egamiz. Nasib qilsa, kutyapman. Har bir ayol afv etilishini kutib yashayapti bu yerda».

Muhabbat Ma’mirova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Bolamning yuzini yerga qaratdim, ammo u meni hamon jannatim deyapti» - Mahkuma hikoyasi