23:00 / 08.12.2022
1 498

O‘zbekistonning «xavfsizlik yostig‘i» yana ko‘paya boshladi

O‘zbekistonning «xavfsizlik yostig‘i» yana ko‘paya boshladi
Foto: Bloomberg
2022 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 33,4 mlrd dollarni tashkil qildi.

Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan 1,1 mlrd dollarga ko‘paydi. Ular asosan oltin va xorijiy valyutadan iborat. Noyabr oyida valyuta zaxiralari kamaygan bo‘lsa-da, oltin zaxiralari keskin ko‘paygan:
  • valyuta — 357 mln dollarga kamaydi (umumiy 9,9 mlrd dollar);
  • oltin — 1,46 mlrd dollarga ko‘paydi (umumiy 22,46 mlrd dollar).

Noyabrda oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket to‘rtinchi oy kamayganidan so‘ng ilk bor ko‘paydi.

Mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishi global oltin narxlarining oshishi bilan izohlanadi. O‘zbekiston zaxiralarida taxminan 400 tonna oltin bor va oktabrga nisbatan o‘zgarmagan.

Avgust va sentyabr oylarida bu ko‘rsatkich ko‘paygan bo‘lsa-da, narxlar pastligi tufayli zaxiralar ham kamaygan edi. Oktabr oyida narxlar ko‘tarila boshladi va zaxiralar ham 10 tonnaga oshdi.

Bloomberg e’lon qilgan maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston AQSH va Xitoy davlat qarzlarini sotib olish orqali zaxiralardagi oltin ulushini 50 foizdan pasaytirmoqchi edi. Buning o‘rniga mamlakat o‘zining 32 milliard dollarlik zaxiralaridagi qimmatbaho metall ulushini 65 foizga yetkazdi.

«Biz G‘aznachilikka sarmoya kiritish haqida o‘yladik, lekin bozorning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymadi», — dedi O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev.

Jahonda oltin narxi qanday?
Sentyabr oyining oxirida oltin narxi 2020 yil aprelidan beri birinchi marta bir troya unsiyasi uchun 1,63 ming dollargacha pasaygan edi. O‘shanda nafaqat oltin, balki boshqa qimmatbaho metallar ham AQSH Federal rezerv tizimining asosiy stavkani oshirishi fonida arzonlagan edi.

Noyabr o‘rtasiga kelib esa oltin narxi ko‘tarila boshladi va uch oylik eng yuqori darajaga chiqdi — 1,78 ming dollargacha. Oltin narxi o‘sishining asosiy omili dollarning zaiflashishi hisoblanadi.

5 dekabr kuni global oltin narxlari to‘rt oylik eng yuqori darajaga ko‘tarildi — 1 822,9 dollar.

MarketWatch ta’kidlashicha, dekabr boshida eng faol sotilgan oltin fyucherslari iyun oyidan beri birinchi marta 200 kunlik o‘rtacha ko‘rsatkichdan oshib ketdi.

Ayni paytda oltinning bir unsiyasi uchun narx 1 790 dollar atrofida shakllanmoqda.

Oltin zaxiralari nima uchun kerak?
Oddiy til bilan aytganda, bu sug‘urta, davlatning «xavfsizlik yostig‘i». Zaxiralar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida favqulodda vaziyatlar uchun mavjud.

Zaxiralar odatda yuqori likvidli, ya’ni tez sotiladigan aktivlarda saqlanadi. Oltin va xorijiy valyuta ushbu talablarga javob beradi — ulardan istalgan vaqtda qarz to‘lash yoki investitsiyalar uchun foydalanish mumkin.

2017 yilgacha O‘zbekiston zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilinmas edi. O‘sha yilning noyabr oyida zaxiralar 26 milliardni tashkil etishi ma’lum bo‘lgan. O‘shandan beri ular 10 mlrd dollargacha o‘sgan. Noyabrda zaxiralarning to‘rt oylik kamayishidan so‘ng yana o‘sish qayd etildi.

Zaxiralardan qanday maqsadlarda foydalanish mumkin va o‘rni qanday to‘ldiriladi?
Zaxiralardan turli mamlakatlarda turlicha foydalaniladi. Bu odatda to‘lov balansi taqchilligini moliyalashtirish, valyuta bozorida intervensiyalar o‘tkazish, milliy valyuta kursini ushlab turish, tashqi qarzlarni qoplash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Zaxiralar mamlakatda qazib olingan oltin, xalqaro bozorga qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi, savdo balansi profitsiti va boshqalar hisobiga to‘ldiriladi.

Masalan, O‘zbekistonda zaxiralar OKMK yoki NKMK tomonidan qazib olingan oltin hisobiga to‘ldiriladi. Oltin chetga sotilganda mamlakatdagi zaxiralar ham kamayadi. O‘zbekiston esa joriy yilning mart oyidan beri oltin sotmayapti.

33,4 mlrd dollar — bu ko‘pmi yoki kam?
Boshqa mamlakatlar bilan taqqoslansa, unda Xitoy katta farq bilan birinchi o‘rinda — 3,1 trln dollar. Ikkinchi o‘rinda Yaponiya (1,23 trln dollar), uchinchi o‘rinda esa Shveysariya (841 mln dollar) turadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni mamlakatlar orasida Qozog‘iston zaxiralari 32,9 milliard dollarni, Tojikistonniki 2,7 milliard dollarni, Qirg‘izistonniki esa 2,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga ham xalqaro tashkilotlar uch oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli bo‘lgan zaxiralarni saqlashni tavsiya qiladi.

33,4 mlrd dollar hozir O‘zbekistonga 13 oydan ortiq importni moliyalashtirish uchun yetarli. Bunday ko‘rsatkich ishonchli hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonning «xavfsizlik yostig‘i» yana ko‘paya boshladi