
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 59,8 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Mazkur davrda mamlakatning asosiy savdo hamkorlari orasida Xitoy va Rossiya an’anaviy ravishda yetakchilik qilmoqda. Xitoy bilan savdo hajmi 11,4 milliard dollarga, Rossiya bilan esa 9,4 milliard dollarga teng bo‘lgan.
Uchinchi o‘rinda 3,5 milliard dollarlik savdo hajmi bilan Qozog‘iston qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Turkiya (2,2 milliard), Koreya Respublikasi (1,3 milliard), Afg‘oniston (1,1 milliard) va Fransiya (1,1 milliard) joylashgan. Shuningdek, Hindiston (961 million), Germaniya (957 million) va Birlashgan Arab Amirliklari (937 million) o‘nlikni to‘ldirgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi savdo geografiyasi sezilarli darajada kengaydi. Mamlakat nafaqat an’anaviy hamkorlar bilan, balki yangi bozorlar — Yevropa va Osiyo davlatlari bilan ham faol iqtisodiy aloqalar o‘rnatmoqda.
Ekspertlar fikricha, tashqi savdo aylanmasining bunday hajmda saqlanib qolishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ijobiy signal bo‘lib, ishlab chiqarish, logistika va eksport salohiyatining o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, import tarkibida sanoat uskunalari va texnologik jihozlar ulushi yuqori bo‘lib qolayotgani, bu esa modernizatsiya jarayonlarining faollashganidan dalolat beradi.
Tahlillarga ko‘ra, yil yakuniga qadar tashqi savdo hajmi 65 milliard dollardan oshishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!