16:00 / 22.01.2023
613

Jahon bozorida piyoz narxi nega keskin oshmoqda?

Jahon bozorida piyoz narxi nega keskin oshmoqda?
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning bir qator mamlakatlaridagi bozor ishtirokchilari ulgurji savdoda 1 kg piyoz narxi 1 dollarga yetishi haqida gapirmoqda. Bu esa chakana narxlar tez orada 1,5—2 dollarga yetishi mumkinligini ko‘rsatadi.

EastFruit tahlilchilari bu ssenariyning ehtimoli qay darajada yuqori ekani, hozirgi holatning o‘ziga xosligi nimadaligi va bunday noxush prognozlarga qanday asos borligi haqida so‘z yuritdi.

Ular Eron, Pokiston, O‘zbekiston, Niderlandiya, Polsha, Tojikiston, Ukraina, Gruziya, Moldova, Qozog‘iston va Turkiya piyoz bozoridagi vaziyatga oid ma’lumotlarni tahlil qilib, ushbu materialda dastlabki xulosalarni taqdim etdi.

Piyoz bozori muammolari qachon boshlandi?
2022 yil sentyabr oyining ikkinchi yarmidan boshlab, Markaziy Osiyo bozorlarida piyozning xalqaro savdosi hajmi keskin oshdi.

Talab faollashishining asosiy omili 2018/19 yilgi mavsumning takrorlanishi kutilganidir, 2018 yil yozida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi qurg‘oqchilik va kam hosil tufayli hatto Markaziy Osiyo davlatlari ham Polsha, Ruminiya, Germaniya, Niderlandiya va mintaqadagi boshqa mamlakatlarga piyozni avtotransport orqali eksport qilgan.

O‘sha paytda bozorda piyozning umumiy taqchilligi mavjud edi va ayniqsa, qayta ishlash ehtiyojlari uchun ishlatiladigan yirik kalibrli (60 mm dan ziyod) piyozning keskin defitsiti yuzaga kelgan.

2022 yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, birinchi navbatda, piyozning jahondagi asosiy eksportyori sanalmish Niderlandiyada ham qurg‘oqchilik kuzatilgani sababli yozdayoq mahsulot narxi ko‘tarila boshlagandi.

Biroq ko‘plab yevropalik savdogarlar yana bir muhim omilni — Ukraina janubida (ushbu mamlakatda piyozni tijorat maqsadlarida yetishtirishning qariyb 80 foizi mazkur hudud ulushiga to‘g‘ri keladi) davom etayotgan urushni hisobga olmadi.

Zero, Ukraina har yili 20 ming tonnaga yaqin sarxil piyoz eksport qilar va ba’zi mavsumlarda ushbu mamlakatdan piyoz eksporti hatto 50 ming tonnadan oshgan edi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab, mamlakatning janubiy viloyatlarida piyoz yetishtirish keskin kamaydi va fermerlar u yerda yetishtirishga muvaffaq bo‘lgan piyozni ham Ukrainaning boshqa mintaqalariga va ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetkazib berishning iloji bo‘lmadi.

Shu sababli, Ukraina kutilmaganda, piyozning asosiy importyoriga aylandi va ushbu mahsulotni Polsha, Ruminiya, Moldova, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiyadan sotib oldi.

Bu ham butun mintaqada piyoz narxi o‘sishiga turtki bo‘ldi. Ilgari Ukraina 2022 yilda piyoz sotib olishga majbur bo‘lgan ba’zi mamlakatlarga ushbu mahsulotni muntazam eksport qilgan. Shu ma’noda narxlar bu qadar balandlagani ajablanarli emas.

2022 yilning iyun oyi o‘rtalarida Pokistonda suv toshqinlari sodir bo‘ldi va shu tufayli boshqa ekinlar qatori piyoz hosilining ham katta qismi boy berildi.

Natijada jahondagi eng yirik piyoz eksportyorlaridan biri bo‘lmish Pokiston piyoz importyoriga aylandi.

O‘zbekiston, Eron, Turkiya va hatto Afg‘oniston ham o‘z mahsulotlarini Pokistonga yetkazib bera boshladi. Suv toshqinidan so‘ng 2022 yilning noyabr oyi oxirigacha O‘zbekiston Pokistonga 26 ming tonnaga yaqin piyoz eksport qildi.

Barcha hududlarda narxlar o‘sishda davom etganiga sabablar yetarli, ularning deyarli har birida o‘ziga yarasha muammolar yuzaga keldi.

Anomal sovuq — narxlarning shiddat bilan o‘sishiga yana bir sabab
Oxirgi kunlarda Markaziy Osiyodagi anomal sovuqning piyoz bozoridagi vaziyatga ta’siri jiddiy bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyadan O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga kirib kelgan anomal sovuq mintaqadagi piyoz zaxiralariga jiddiy zarar yetkazgan.

Buning oqibatida, Qozog‘iston ichki bozorda mahsulot taqchilligi yuzaga kelishidan xavotirlanib, piyoz eksportini butunlay taqiqlashga qaror qildi.

Ayni paytda O‘zbekiston piyozning sof eksportyoridan sof importyoriga aylandi va savdogarlar mintaqa mamlakatlarida katta hajmda mahsulot xarid qilish imkoniyatlarini faol ravishda izlamoqda.

Biroq hammasi u qadar oddiy emas, chunki, Markaziy Osiyo piyozning asosiy eksportyor mamlakatlardan uzoqda joylashgan va shu bois piyoz yetkazib berish qimmatga tushadi.

Shuningdek, ushbu mintaqa mamlakatlarining janubiy hududlaridagi ertapishar piyozning yangi hosili hajmi va uning taqdiri ham aniq emas, chunki sovuq unga ham zarar yetkazishi mumkin.

Ayni paytda na Yevropa va na Markaziy Osiyo mamlakatlarida piyozning ulgurji narxi rekord darajadan oshmadi. Biroq ular yilning ushbu davri uchun rekord narxlardir, demak, mutlaq rekordlar yangilanishi mumkin.

Bozor ishtirokchilarining aksariyati Markaziy Osiyoda narxlar yaqin kelajakda mutlaq rekord darajadan oshib ketishiga, Yevropada esa bahorga borib ushbu natijalarga yetib olinishi va undan oshishga shubha qilishmayapti.

Yuqori narxlar eksport taqiqiga sabab bo‘ldi
O‘zbekiston va Tojikistonda piyozning ulgurji narxi 2022 yil yozida rekord darajaga yaqinlashgan. Shu bilan birga, yilning ushbu davri uchun narxlar rekord daraja hisoblanadi.

O‘zbekistonda o‘tgan hafta oxiriga kelib, piyozning ulgurji narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 barobar, Tojikistonda esa 3,1 barobar qimmatlashdi.

Ayni paytda O‘zbekiston bozorlarida piyoz chakana narxlarda 10 ming so‘mgacha sotilmoqda. Narxlar yanada o‘sishi mumkin.

Bu kabi kutilmalar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston joriy mavsumda piyoz eksportini taqiqladi.

Qozog‘istondan piyoz eksporti taqiqlanishi Ukrainada piyoz narxi o‘sishining tezlashishiga olib kelishi mumkin. Chunki oldingi yillarda mamlakat Ukrainaga mahsulot yetkazib bergan.

Shuningdek, butun mintaqadagi piyoz bilan bog‘liq keskin vaziyat, qolaversa, yangi hosilni hali besh oy kutish kerakligi hisobga olinsa, Ukrainada piyoz narxi yanada oshishi prognoz qilinmoqda.

Xuddi shunday, Polshada ham, bahorda piyoz narxi 2019 yilgi rekordlardan oshib ketishi aniq, o‘shanda piyoz 1 kg uchun 90 AQSH sentiga yetgan edi.

Ramazon yaqin
2023 yilning 23 martidan 22 apreliga qadar butun dunyo musulmonlari Ramazon oyi ro‘zasini tutishadi.

Mazkur davrda, odatda, turli mahsulotlar, jumladan, piyoz xaridi hajmi ham ortadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida Ramazon oyida ko‘p osh iste’mol qilinadi. Buning uchun xarajatlar tejalmaydi va faqat yuqori sifatli mahsulotlar xarid qilinadi.

Bu vaqtda O‘zbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlarida ertagi piyoz paydo bo‘lsa-da, yaxshi palov uchun o‘tgan yilgi piyoz kerak bo‘ladi.

Bu holat sabziga ham taaluqli. Shu bois, mart oyining birinchi yarmida ushbu omil tufayli mintaqada piyozga (ya’ni, o‘tgan yilgi piyoz hosiliga) talab keskin oshishi kutiladi.

Aprel oyining ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda piyoz narxi maksimal qiymatga yetishi ehtimoli ham bor.

O‘zbekistonga qancha piyoz kerak?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilning 20 yanvaridan 30 apreliga qadar aholining piyozga bo‘lgan iste’mol talabi o‘rtacha 346 ming tonnani tashkil etadi.

O‘rganishlar O‘zbekiston hududlarida piyoz zaxirasi miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligini ko‘rsatgan.

Iste’mol talabi doirasida mamlakat aholisi uchun yana 26,5 ming tonna piyoz import qilinishi kerak.

Qayerdan piyoz olib kelsa bo‘ladi
Bu mavsumda Xitoy piyozni, asosan, Osiyo mamlakatlariga eksport qilmoqda, chunki logistika tannarxi hali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mahsulot yetkazib berishga imkon bermaydi va Xitoy mahsuloti sifat jihatidan har doim ham Yevropa Ittifoqi davlatlarining minimal talablariga javob bera olmaydi. Biroq agar narxlar bunday tezlikda o‘sishda davom etsa, vaziyat o‘zgarishi ham mumkin.

Ayni paytda piyoz bozorida paydo bo‘lgan bo‘shliqni qanday to‘ldirish mumkinligi esa aniq emas. Taomlar retseptida boshqa mahsulotlar piyoz o‘rnini bosa olmaydi.

2023 yilning mart—aprel oylarida yig‘ib olinadigan piyoz hosili Misrda yaxshi bo‘lishiga umid qilsa bo‘ladi. Biroq ko‘rinib turibdiki, Misrdan piyoz sotib olish uchun Yaqin Sharq mamlakatlaridan ham, Yevropa va Osiyodan ham importyorlar allaqachon navbatda turibdi. Bu borada O‘zbekiston uchun ham oson bo‘lmaydi.

Shu ma’noda, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazda kelgusi oylarda piyoz narxi yanada o‘sishi ehtimoli yuqori.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Jahon bozorida piyoz narxi nega keskin oshmoqda?
ePN