
Turkiyada huquqni muhofaza qilish organlari 5 nafar O‘zbekiston fuqarosini noqonuniy oltin olib o‘tishga uringani uchun qo‘lga oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, 3 nafar ayol va 2 nafar erkakdan iborat guruh O‘zbekistondan Istanbul orqali Kappadokiya mintaqasidagi Nevshexir aeroportiga parvoz qilgan. Ularning bagajlari tekshirilganda 61 kilogramm 121 gramm oltin topilgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, oltinlar go‘sht maydalagichlar va mikserlar ichiga ehtiyot qismlar ko‘rinishida eritilib joylashtirilgan. Mutaxassislar bu usul yuqori darajada tayyorlangan kontrabanda sxemasini eslatganini qayd etmoqda.
Nevshexir viloyati politsiyasining kontrabanda va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi gumondorlar haqida avvaldan ma’lumotga ega bo‘lgan. Shu sababli ular aeroportga yetib kelishi bilanoq maxsus reyd o‘tkazilgan.
Politsiya xodimlari, shuningdek, aeroportda ularni kutib olgani aytilayotgan yana bir shaxsni ham qo‘lga oldi. Hozirda barcha gumondorlar sud organlariga topshirilgan, topilgan oltinlar esa musodara qilingan.
Rasmiylarga ko‘ra, bu Turkiyada so‘nggi oylar ichida aniqlangan eng yirik oltin kontrabandasi holatlaridan biri hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!