O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti taklifiga binoan prezident 7–9 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Italiyada bo‘ldi va G‘arbiy Yevropa davlatida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Xo‘sh, mazkur tashrifni qanday xulosalash mumkin?
Mazkur tashrifning asosiy nuqtalarini yosh siyosatshunos Taxmina Abdullayeva bilan tahlil qildik.
— Italiya va O‘zbekiston aloqalari qanday tarixiy va ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy omillarga tayanadi?
— Italiya O‘zbekiston suverenitetini tan olgan dastlabki davlatlardan biri hisoblanadi. 1996 yil iyun va 2000 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti I.Karimovning Italiyaga rasmiy tashriflari chog‘ida O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining asoslari yaratildi.
1997 yil may va sentabr oylarida Italiya prezidenti va Vazirlar kengashi raisining O‘zbekistonga javob tashriflari amalga oshirildi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy negizida 1996 yilda imzolangan O‘zbekiston va Yevropa davlatlari shartnomasi turadi.
1992 yildan buyon o‘tgan davr ichida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida konstruktiv siyosiy muloqot hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.
Italiya G7 a’zosi, iqtisodiyot jihatdan dunyoning kuchli o‘ntaligiga kiradi va o‘z-o‘zidan, birgina mana shu faktning o‘zi bu davlat bilan munosabatlarimizni yanada chuqurlashtirish taqozo qiladi. O‘zbekiston va Italiya munosabatlarida asosiy ustuvor yo‘nalish iqtisodiy munosabatlar turadi. Shuningdek bugungi kunda madaniy hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
— O‘zbekiston prezidentining Italiyaga tashrifi kun tartibidan joy olgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik tashkiloti bosh direktori Syuy Dunyuy bilan ham uchrashuvining ahamiyati nima?
— Prezidentimiz Italiyaga tashrifining ilk kunida Birlashgan Millatlar tashkilotining Oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) raisi Syu Dunyuy bilan uchrashdi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu tashkilotga 2001 yilda a’zo bo‘lgan va 2014 yilda tashkilotning yurtimizdagi vakolatxonasini ochgan. O‘sha yili sheriklik kelishuvi imzolangan.
Tashrif chog‘ida ko‘rilgan asosiy masalalar agrar tarmoqlarini modernizatsiya qilish va oziq-ovqat havfsizligini taminlash bo‘yicha hamkorlik bo‘ldi. Globallashuv davrida oziq-ovqat xavfsizligiga nisbatan tahdidlar oshmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan tashkilot bilan yaqinlikni taqazo etadi. Shuningdek, 2020-2030 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatimiz va FAO o‘rtasida imzolangan Doiraviy dasturni to‘la-to‘kis amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan darajada jadallashmoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida FAOning O‘zbekistondagi portfeli umumiy qiymati 65 million dollarga 59 ta milliy, mintaqaviy va global loyihani tashkil etmoqda.
— Shavkat Mirziyoyevning Milan shahrida Lombardiya viloyati gubernatori va Italiyaning yetakchi kompaniya hamda tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvi haqida qanday fikr bildira olasiz?
— Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ikkinchi kunida Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi. Italiya shimolida joylashgan Lombardiya mamlakatning aholi soni va maydoni bo‘yicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. U respublika yalpi ichki mahsulotining 22 foizini ta’minlaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa Ittifoqida beshinchi o‘rinni egallaydi.
Uchrashuvda, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
O‘tgan yilda O‘zbekiston hududlarining Lombardiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 83 foizga oshdi. Aprel oyida Milan va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklandi. Hududning Pietro Fiorentini, Terranova, Danieli, Fin. Opera kabi yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston prezidenti qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiya va bilimlarini O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligini ta’kidladi. Tadbirlar davomida 9 milliard yevrolik shartnomalar imzolandi. Shuningdek, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda 2026 yilga qadar madaniy almashinuvlar dasturi qabul qilindi.
— Mazkur oliy darajadagi tashrif O‘zbekistonda Prezident saylovlari arafasida va Ukrainadagi urush tobora humanitar krizis kuchayishi fonida muayyan ramziy ma’no kasb etadimi?
— Biz bu tashrifni Ukrainadagi mojarolar bilan bog‘lashimiz to‘g‘ri, menimcha. Chunki bizning Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy manfaatlarimiz qiziqtirishi kerak. Bo‘lajak saylovga to‘xtaladigan bo‘lsak, dunyo iqtisodiy gigantlaridan biri O‘zbekiston bilan aloqa qilishni kuchaytirmoqchi ekan, bu albatta arezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xizmatlari katta. Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar bilan bog‘liq. Buni dunyo hamjamiyati ham ko‘rib turibdi.
Biznes-forumda ham Italiya kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik va xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida so‘zlab berildi.
— Xabaringiz bor O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga chiqdi, bu nimani anglatadi?
— Strategik sheriklik oddiy munosabatlardan yuqoriroq darajadagi aloqalarga aytiladi. Masalan, Italiya va O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish bu iqtisodiy masaladir. Italiya dunyoning Top-10 iqtisodiyotiga kiradi va Yevropa Ittifoqida esa kuchli 3 likdan o‘rin olgan.
— O‘zbekiston va Italiya global siyosatda ham o‘zaro bir-birini qo‘llaydimi? Italiya Afg‘oniston masalasida qanday o‘rin tutadi?
— Italiya va O‘zbekiston Respublikalari Birlashgan Millatlar tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotlari doirasida qator masalalarda yondashuvlari bir biriga yaqin. Tashrifda ikki mamlakat yetakchilari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi. Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, shu jumladan, Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Uchrashuvda Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Normuhammad Ali suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring