Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkentda aholi uchun arzon narxlarda mahsulot taqdim etish maqsadida tashkil etilgan maxsus savdo yarmarkalarida nazorat kuchaytirilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, hokimlik va prokuratura departamenti tashabbusi bilan yirik bozorlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalari yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim sotuvchilar tomonidan rasmiy e’lon qilingan baholardan farqli narxlarda savdo qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat esa aholi noroziligiga sabab bo‘ldi.
Shuning uchun shaffoflikni ta’minlash va sun’iy ravishda narxlarni oshirishning oldini olish maqsadida arzonlashtirilgan mahsulotlar sotiladigan rastalarda kuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari boshlandi.
Hozircha Mirobod dehqon bozori hamda “Eski Juva” (Chorsu) bozorida kameralar o‘rnatish ishlari yakunlangan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu jarayon bosqichma-bosqich davom ettiriladi va tez orada poytaxtning barcha yirik bozorlaridagi arzon yarmarkalarda ham to‘liq kamera nazorati joriy etiladi.
Shu tariqa, narxlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi orqali savdoda oshkoralik ta’minlanishi va aholi uchun mo‘ljallangan arzon mahsulotlarning haqiqatan ham belgilangan baholarda taqdim etilishiga erishish ko‘zda tutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!