Amerika prezidenti Donald Tramp Oq uyda mamlakatning yirik texnologiya va biznes sohasi yetakchilari bilan maxsus uchrashuv tashkil etdi. Unda Meta, Apple, Microsoft, OpenAI kabi dunyodagi eng kuchli korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi. Tramp tadbir ishtirokchilarini «iqtisod va innovatsiya inqilobining asosiy yetakchilari» sifatida e’tirof etdi. Uchrashuvda sun’iy intellekt rivoji va AQSHdagi investitsiya dasturlari kun tartibining markazida turdi.
Prezident Tramp suhbat davomida tadbirkorlarga qator va’dalar berdi. U doimiy ishbilarmonlar uchun soliq va mehnat qonunchiligida qulayliklar yaratish, qurilish ruxsatnomalarini soddalashtirish va ayniqsa ma’lumot markazlari uchun zarur elektr ta’minoti hamda litsenziyalar olish jarayonini yengillashtirishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, u AQSH sun’iy intellekt sohasida Xitoydan ancha oldinda ekanini ham alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan kompaniyalar o‘z investitsiya rejalarini ham e’lon qilishdi. Masalan, Meta asoschisi Mark Sukerberg 2028-yilga qadar sun’iy intellekt va data markazlariga kamida 600 milliard dollar yo‘naltirish niyati borligini aytdi. Apple esa AQSHda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha 100 milliard dollar ajratishini ma’lum qildi. Shu tariqa, kompaniyalar sun’iy intellekt infratuzilmasi va ishlab chiqarish quvvatlariga katta mablag‘ sarflash rejalarini oshkor etdi.
Uchrashuv chog‘ida import bojlari va ichki ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tramp mahalliy sanoatni rag‘batlantirish va mamlakatga katta sarmoyalarni jalb qilishga qaratilgan siyosatini yana bir bor namoyish etdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, bunday yig‘ilishlar prezident uchun ikki yo‘nalishda ahamiyat kasb etadi. Birinchisi – iqtisodiy taraqqiyot va yangi ish o‘rinlari yaratish, ikkinchisi esa saylovoldi jarayonda yirik kompaniyalar va sarmoyadorlarning qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash. Milliarderlar esa o‘z investitsiya rejalari bilan chiqish qilib, prezident siyosatiga tayyor ekanliklarini ko‘rsatdilar.
Uchrashuv Trampning korporativ Amerika bilan aloqalarini mustahkamlash va Xitoy bilan texnologiya sohasidagi raqobatni yanada kuchaytirish niyatini ham namoyon qildi. Shu bilan birga, u Apple rahbari bilan muloqot davomida kompaniyaning Hindistondagi rejalaridan ham norozilik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, sobiq prezident Jo Bayden lavozimini topshirishdan oldin xalqqa qilgan oxirgi nutqida mamlakatni bir hovuch milliarderlar boshqarishi ehtimoli haqida ogohlantirgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!