16:33 / 29.09.2023
49

O‘zbekistonda elektron tijorat qanday rivojlanmoqda?

O‘zbekistonda elektron tijorat qanday rivojlanmoqda?

Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi olib borgan tahliliy o‘rganishlarga qaraganda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektron tijorat raqamli iqtisodiyotning asosiy elementlaridan biriga aylandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron tijorat va chakana savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Xususan, 2022 yilda elektron tijorat savdolari hajmi 2021 yilga nisbatan 1,8 barobar oshib, 10 886,8 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Bu umumiy chakana savdo hajmining 4 foizdan ortig‘iga teng.

O‘zbekistonda elektron tijoratning kelajagini belgilovchi muhim omillardan biri—sohani qonunchilik bilan tartibga solishdir. 2022 yilda yangilangan “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun iste’molchilarni ham, tadbirkorlarni ham huquqiy himoya qiladi, elektron operatsiyalarni amalga oshirish va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni belgilash tartibini belgilaydi. Ishonchli va barqaror elektron tijorat ekotizimini yaratishda qonunchilik va to‘lov tizimlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ular jarayonning barcha ishtirokchilari — ham xaridorlar, ham sotuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi.

2019 yilda “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va bu fintech sektorining rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Elektron to‘lovlar iste’molchilar va biznes uchun qulaylik va xavfsizlikni ta’minlovchi onlayn tijoratning ajralmas qismiga aylandi. O‘zbekistonda onlayn tranzaksiyalarni osonlashtiradigan bir qancha to‘lov tizimlari mavjud.

Soliq xizmati portalining ma’lumotlariga ko‘ra, elektron tijorat subyektlari sonining sezilarli o‘sishi kuzatilmoqda. Joriy yilning 1 avgust holatiga ularning soni 159 taga yetdi, jumladan, 52 ta elektron to‘lov tizimi va 35 ta bank mobil ilovasi, 72 ta internet-do‘kon va savdo maydonchalari mavjud. Yil boshidan 1 avgustgacha taqdim etilgan cheklar miqdori 28 438,8 milliard so‘mni tashkil etdi, shundan 7,4 foizi internet-do‘konlar va bozorlar tomonidan ta’minlandi.

Ba’zi kompaniyalar bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarni faol rivojlantirmoqda—bular fintech, marketpleys va logistika. Bu muvaffaqiyatda logistika va pochta xizmatlari ham birdek muhim o‘rin tutadi. Ularning kengaytirilgan tarmog‘i tovarlarni mamlakatning eng chekka burchaklarigacha yetkazish va olis hududlarda yashovchilar uchun elektron tijoratdan foydalanish imkonini beradi. Masalan, milliy pochta xizmatining 14 ta hududiy filiali, 21 ta tumanlararo pochta aloqasi, 143 ta hududiy pochta aloqasi, 1804 ta pochta aloqasi bo‘limi, shahar va tumanlarda 1414 dan ortiq yetkazib berish punktlari mavjud. Bu mamlakatda elektron tijorat uchun qulay infratuzilmani yaratadi.

Bularga qo‘shimcha, O‘zbekiston bozoriga xorijiy bozorlarning kirib kelishi mahalliy tadbirkorlarga jahon darajasiga chiqish va jahon bozorlarida raqobatlashish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonda elektron tijoratga Visa va Mastercard to‘lov tizimlari ham faol joriy etilmoqda. Bu mahalliy tadbirkorlarga xalqaro mijozlardan to‘lovlarni qabul qilish va o‘z biznesi chegaralarini kengaytirish imkonini beradi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda elektron tijorat qanday rivojlanmoqda?