22 yanvar kuni Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining Urumchi shahrida birinchi O‘zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumi bo‘lib o‘tdi, unda asosiy vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda 1200 dan ortiq ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Xitoy delegatsiyasiga esa XKP Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani Partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinruy boshchilik qildi.
Delegatsiyalar rahbarlari qutlov so‘zi bilan chiqishlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ygani ikki davlat rahbarlarining oqilona, uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati tufayli erishilganini ta’kidladilar. Ko‘p qirrali hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishildi, tomonlar bir-birini ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan har tomonlama strategik sheriklar sifatida qabul qilmoqda.
Savdo va sarmoyaviy sheriklikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Oxirgi olti yilda tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshib, 14 mlrd. dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 20 mlrd. dollarga yetkazish uchun barcha zarur imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Xitoydan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi qariyb 15 mlrd. dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 2 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda Xitoy kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati qariyb 2 mlrd. dollarlik 60 dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Xitoy kompaniyalari mamlakat sanoat sohasini modernizatsiya qilishda yetakchi hamkorlarga aylanmoqda.
Ishtirokchilar e’tibori O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaratildi. Xususan, bir qator ruxsatnoma va litsenziyalar bekor qilindi, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilish choralari ko‘rildi, xorijiy investorlar o‘z aksiyalaridan olingan dividendlar bo‘yicha uch yil muddatga soliq to‘lashdan ozod etildi, 7 (yetti) mingdan ortiq nomdagi xomashyo va tovarlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilindi, yirik banklar, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish Dasturi ishga tushirildi, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 1 mlrd. dollarlik kapitalga ega Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. “Sanoat ipotekasi” joriy etildi. Natijada keyingi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim barobardan, korxonalar soni ikki barobar, sanoat o‘sishi 40 foizdan oshdi. 2023-yilda mamlakatga 22 mlrd. dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.
Hududlar va ishbilarmon doiralar vakillarining bevosita o‘zaro hamkorligini oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishning keyingi qadamlari va istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Shu nuqtayi nazardan, ularni qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga jalb etish, O‘zbekiston viloyatlari va Xitoy provinsiyalarining sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyati ko‘rgazmalarini muntazam o‘tkazish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, hamkorlikda erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishini doimiy ravishda monitoring qilib borish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Delegatsiyalar rahbarlari ishbilarmon doiralar rahbarlarini mamlakatlarimiz iqtisodiyotining raqobatbardosh afzalliklari asosida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratish, talabga javob beruvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi bozorlarni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va hamkorlikda ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga, shuningdek, o‘zaro savdo aloqalari hajmini oshirishga chaqirdi.
Forum «B2B» va «B2G» muzokaralari sessiyasi bilan davom etdi, unda ikki mamlakat kompaniyalari rahbarlari tafsilotlarni muhokama qilishdi va iqtisodiyotning turli sohalarida o‘zaro manfaatli yangi shartnoma va bitimlar tuzishga muvaffaq bo‘lishdi.
Forum yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning barcha hududlari va Xitoyning tegishli provinsiyalari o‘rtasida mustahkam iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarni o‘rnatishga oid 27 ta hujjat imzolandi. Bundan tashqari, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida 30 ta bitim va shartnomalar imzolandi.
Mintaqalararo forum doirasida yana bir muhim voqea, ya’ni Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani «Xinjiang International Convention & Exhibition Centre» O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasining ochilishi ham bo‘lib o‘tdi.
Umumiy maydoni 800 kv. metr bo‘lgan 14 ta stendda elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va ipakchilik sanoati, charm-poyabzal mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo mahsulotlari, hunarmandchilik, qurilish materiallari, mebel va aksessuarlar namoyish etilmoqda.
Multimedia ekranlarida hududlarning iqtisodiy salohiyati bilan birgalikda amalga oshirishga tayyor bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalari tadbir mehmonlariga taqdim etildi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring