
Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Markaziy shahar klinik shifoxonasida 63 yoshli ayol donor sifatida bir necha bemorning hayotini saqlab qoldi, deb xabar berdi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1962 yilda tug‘ilgan ayolning yuragi 1988 yilda tug‘ilgan bemorga ko‘chirib o‘tkazilgan. Uning jigari 1982 yilda tug‘ilgan bemorga, o‘ng buyragi 1996 yilda tug‘ilgan yigitga, chap buyragi esa 1966 yilda tug‘ilgan bemorga transplantatsiya qilingan.
Bundan tashqari, donorning ko‘z shox pardalari ikki bemorga — 1983 va 1956 yilda tug‘ilgan insonlarga ko‘rish qobiliyatini qayta tiklash imkonini bergan.
Transplantatsiya jarayonlarini Respublika transplantatsiya markazi tashkil etib, Olmaotaning yetakchi tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Shifokorlar ayolning yoshiga qaramay, uning organlari yaxshi holatda bo‘lganini va ular faoliyatni muvaffaqiyatli davom ettirayotganini qayd etdi. Bu holat yana bir bor donor yoshi hayotni saqlab qolishda to‘siq emasligini ko‘rsatdi.
Markaz vakillari ayolning oilasiga jasoratli qarori uchun chuqur minnatdorlik bildirdi hamda shifokorlar jamoasining hamjihat mehnatini alohida ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.