
Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘rt kishilik oilaning bir oylik hayot kechirishi uchun, uy ijarasini hisobga olmagan holda, taxminan 21 million so‘m talab etiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishi uchun oylik ehtiyojlar ijara haqisiz 5,6 million so‘m atrofida baholangan. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo miqyosida ham ancha yuqori hisoblanadi.
Oilaviy budjetning katta qismi — qariyb 30 foizi — oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanmoqda. Bu esa O‘zbekistonda yegulik mahsulotlari mintaqadagi eng qimmat xarajat turlaridan biriga aylanganini anglatadi.
MDH mamlakatlarida ham asosiy xarajatlar uy-joy va oziq-ovqatga to‘g‘ri kelmoqda. Kiyim-kechak, transport, sport va dam olish uchun ajratiladigan mablag‘ nisbatan kamligicha qolmoqda — bu esa aholining asosan zarur ehtiyojlarni qondirish bilan cheklanishini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha taqqoslash shunday manzarani ko‘rsatmoqda: Tojikistonda oilaviy xarajatlarning 37,1 foizi, Turkmanistonda — 35,1 foizi, O‘zbekistonda — 30 foizi, Qozog‘istonda — 29,6 foizi, Qirg‘izistonda esa 28,5 foizi oziq-ovqat uchun sarflanadi.
Ya’ni, mintaqadagi ko‘plab oilalar uchun oziq-ovqat va uy-joy masalasi asosiy moliyaviy yuk bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!