20:12 / 01.11.2024
28

Prezident: Navoiy iqtisodiyoti 9-o‘rindan 3-o‘ringa chiqib, 82 trln so‘mga yetdi

Prezident: Navoiy iqtisodiyoti 9-o‘rindan 3-o‘ringa chiqib, 82 trln so‘mga yetdi
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda asosiy masala – Navoiy viloyati iqtisodiyotini o‘stirish, investitsiya, eksport va pirovardida, odamlar daromadini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, viloyat respublikaning qoq markazida joylashgani, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud ekani ta’kidlandi.

«So‘nggi uch yilda navoiylik yoshlar oliygohga kirish bo‘yicha 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Bog‘cha qamrovi 85 foizga yetib, respublikada 2-o‘ringa chiqdi.

Xalqimiz qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Viloyatda har yili 100 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti yaratilmoqda. Hozirda viloyatda 15 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida.

Mamlakatimizning eng muhim transport arteriyalarining 16 foizi Navoiy hududidan o‘tgan. O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonda 240 kilometrli “Qo‘ng‘irot-Beynov” yangi yo‘li foydalanishga topshirildi. Bu ham Navoiyning logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi
», – dedi dvalat rahbari.

Ushbu ulkan salohiyatdan viloyat hokimi, uning 8 ta o‘rinbosari, 11 ta shahar-tuman hokimi unumli foydalanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishga ulangan boshqa viloyatlar mutasaddilari ham bugungi tahlillar va topshiriqlardan aniq xulosa qilib, Navoiy misolida o‘z rejalarini tuzishi zarurligi qayd etildi.

Viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 ta yangi korxonani ishga tushirish, 15-20 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.

Qayd etilishicha, chuqur geologik tahlillar asosida yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor-investorlarga taklif qilish zarur.

Uch yil davomida yiliga 350 ming gektar yaylovga yangi texnologiya asosida urug‘ va ko‘chat ekish tashkil qilinib, 50 ming aholiga meva-sabzavot, bog‘ va chorva uchun bo‘lib beriladi. 100 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish, migratsiyani yangi tizimi va 4 ta tuman tajribasi hisobidan yana 140 ming aholi bandligini ta’minlash, 16 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.

«So‘nggi yetti yilda Navoiyda 8 milliard dollarlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi.

Viloyatdagi tadbirkorlar soni 3 karra ko‘paydi. Ularning sa’y-harakati bilan o‘tgan yetti yilda 1 milliard dollarlik eksport bo‘ldi. Bu yil ham viloyatda 2,2 milliard dollarlik 577 ta loyiha ishga tushib, 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni paydo bo‘ladi.

O‘tgan davrda Navoiy iqtisodiyoti to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa chiqib, 82 trillion so‘mga yetdi. Bunaqasi Navoiy tarixida bo‘lmagan
», – dedi Prezident Mirziyoyev.

Shu bilan birga viloyat hokimligi hozirgi ko‘rsatkichlarni bir necha karra oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, viloyatda kaolin, fosforit, granit, marmar, kvars qumlari kabi xomashyo zaxiralari bo‘lgan yana 100 ta kon va uchastkalarni tadbirkorlarga taklif qilish mumkin.

Bu ishlar ko‘lamini kengaytirish uchun geologiyada yangi tizim bo‘ladi. Barcha strategik resursli konlar halqaro baholashdan o‘tadi. Buning uchun tajribali xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident: Navoiy iqtisodiyoti 9-o‘rindan 3-o‘ringa chiqib, 82 trln so‘mga yetdi