
Xonanda va aktrisa Xonzoda Do‘stova NavoTV ko‘rsatuvida mehmon bo‘lib, oilaviy munosabatlari haqida samimiy fikrlarini o‘rtoqlashdi. U aytishicha, aka-uka hayotiga aralashmaslik kerak va bu oiladagi tinchlikni saqlashning eng muhim yo‘li.
“Men akamning ayolini, ya’ni kenayimni o‘zimning opamdek qabul qilganman. Agar akam bilan urushib qolishsa, men ularning tarafini olaman: Aka, ayb sizda, kenayim oq, ularni urushmang, deb maslahat beraman. Lekin aslida ayb kenayimda bo‘lsa ham. Chunki kimni yaxshi ko‘rsangiz va mehr bersangiz, u ham sizni yaxshi ko‘rib, mehr beradi,” — deya ta’kidladi xonanda.
Xonzoda shuningdek, o‘z oilasidagi hurmat va mehrning amaliy misolini keltirdi: “Akam bilan kenayim turmush qurishganiga 6–7 yil bo‘lishiga qaramay, ular bilan hech qachon urushib, bir-birimizga qarshi chiqmaganmiz. O‘zimga nimadir olsam, ularga ham qo‘shib sovg‘a qilaman.”
U oilaviy masalalarga aralashish va qizlar o‘rtasidagi noxush vaziyatlar haqida ham fikr bildirdi:
“Ba’zi qizlar akasi yoki ukasining hayotiga aralashib, oilasini buzadi, ammo keyinchalik o‘zi turmushga chiqadi va shu kunlarni boshidan kechiradi. Kenayim aytardilar: Xonzoda siz boshqachasiz, mehribon va yaxshisiz. Sizga ham o‘zingizga o‘xshagan yaxshi qaynopalar, qaynsingillar uchrasin, deb. Taqdirni qarangki, mening qaynopam va qaynsinglim ham meni juda yaxshi ko‘rishadi.”
Shunday qilib, Xonzoda Do‘stova oilada mehr, hurmat va samimiylik muhimligini namoyish etib, muxlislarga oila hayotida tinchlik va iliqlikni saqlash bo‘yicha o‘z tajribasini bo‘lishdi.

Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.