date

Fond birjalarida 20%gacha pasayish kutilmoqda

Fond birjalarida 20%gacha pasayish kutilmoqda
Goldman Sachs va Morgan Stanley 2026-2027 yillarda fond birjalarida 10-20% oralig‘ida pasayish bo‘lishini kutmoqda. Bu haqda amerikalik CNBC telekanali xabar berdi.

Goldman Sachs bosh direktori Devid Solomonga ko‘ra, bunday pasayishlar uzoq muddatli «buqachilik» bozorlarining odatiy jihati hisoblanadi. U Gonkongdagi investitsiya sammitida so‘zga chiqib, «Investitsiyalar avval o‘sadi, keyin esa pasayadi, bu investorlar uchun jarayonni qayta ko‘rib chiqishga imkon beradi», deya ta’kidladi.

Morgan Stanley rahbari Ted Pik ham shunga o‘xshash fikr bildirdi. U investorlarni bunday davriy pasayishlarni salbiy baholamaslikka chaqirdi.

Uning fikricha, bunday tendensiyalar sog‘lom bozor rivojlanishini aks ettiradi va inqiroz belgisi emas. Hozirgi kunda global aksiyalar sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqish tufayli sezilarli o‘sishni qayd etmoqda.

CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy davomida Yaponiyaning Nikkei 225 va Janubiy Koreyaning Kospi indekslari rekord darajaga yetdi. Xitoyning Shanghai Composite indeksi esa so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi.

Goldman Sachs va Morgan Stanley kelgusi yillarda Osiyo mintaqasi o‘sishning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini taxmin qilmoqda. Goldman Sachsga ko‘ra, investorlar dunyoning eng yirik iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan Xitoyga qiziqishda davom etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Fond birjalarida 20%gacha pasayish kutilmoqda