Ispaniya 16 yoshgacha o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashi mumkin

Ispaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash, hatto taqiqlash masalasini muhokamaga chiqarmoqchi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches ochiq aytdi.
Gap shundaki, rasmiy Ispaniya, ayniqsa Madrid, platforma egalariga “yoshni tekshirish” tizimini joriy etish talabini qo‘ymoqchi — ya’ni akkaunt ochayotganda haqiqatan 16 yoshdan kattami-yo‘qmi, shu aniqlanishi kerak bo‘ladi. Bu talablar TikTok, Instagram va X kabi yirik maydonchalarga ham tegishi mumkin.
Sanchesning Dubaydagi chiqishi esa ancha qattiq ohangda bo‘ldi: u ijtimoiy tarmoqlarni “raqamli Yovvoyi G‘arb”ga qiyoslab, u yerda qonunga bo‘ysunish susaygani, nafrat va haqorat oson tarqalishi, dezinformatsiya esa ko‘pincha haqiqatdan tez yurishini ta’kidladi. Qisqasi, “bolalar bu joyga yolg‘iz tashlab qo‘yilishi kerak emas” degan fikrni oldinga surdi.
E’tiborli jihati: faqat taqiq emas, mas’uliyat masalasi ham ko‘tarilyapti. Ispaniya hukumati kelgusi haftayoq noqonuniy kontent va nafrat uyg‘otuvchi materiallar uchun ijtimoiy tarmoqlar rahbariyatini shaxsan javobgar qilishni ko‘zda tutuvchi tashabbusni ham ko‘rib chiqmoqchi. Ya’ni “post o‘chirildi — bo‘ldi” emas, “kim javob beradi?” degan savol birinchi o‘ringa chiqyapti.
Bu yo‘nalishda Ispaniya yakka harakat qilmoqchi emas. Sanches mamlakat European Union doirasida ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish bo‘yicha transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida “Coalition of the Digitally Willing” nomli koalitsiyaga qo‘shilishini ham aytgan.
Qizig‘i, bu trend butun dunyo bo‘ylab kuchayyapti. Fransiyada parlamentning quyi palatasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagani xabar qilindi; rejaga ko‘ra, qabul qilinsa, yangi o‘quv yilidan — 2026 yil 1 sentyabrdan kuchga kirishi mumkin.
Avstraliya esa 10 dekabr 2025 yildan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun “yosh cheklovi” tizimini amalda joriy etgani bilan allaqachon namuna bo‘lib ulgurdi.
Endi asosiy savol — bu ish qanday ishlaydi? Yoshni tekshirishni kuchaytirish mumkin, lekin uning adolatli va xavfsiz bo‘lishi (shaxsiy ma’lumotlar masalasi) ham muhim. Shu yerda davlatlar “bolani himoya qilamiz” deb turib, o‘zlari “kattalarcha” qilib, texnologiyani ham, qonunni ham muvozanatda ushlashga majbur.
Bir narsa aniq: keyingi yillarda Yevropa “ijtimoiy tarmoq — erkin hudud” degan kayfiyatdan chiqib, “ijtimoiy tarmoq — qoidasi bor maydon” degan rejimga o‘tadi. Va bu, rostini aytganda, bolalar uchun yomon emas: internetda ham xavfsizlik kamari bo‘lishi kerak-da.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!