Saudiyalik taniqli jurnalist : "Bu mamlakat Ronaldu Arabistoni emas"

Saudiya Arabistonida sport olami yana bir qizg‘in bahs markazida qoldi. Mashhur sport jurnalisti va teleboshlovchi Valid Al Faraj «Al Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronalduning so‘nggi paytlardagi xatti-harakatlariga nisbatan ochiq va keskin pozitsiya bildirdi. Uning ta’kidicha, portugaliyalik yulduz o‘zining katta nomi va ta’sirini haddan tashqari ishlatib yubormasligi kerak.
Al Faraj bu masalada gapni aylantirmadi: Ronalduning Saudiyadagi o‘rni bor, ammo bu o‘rin qoida va hurmat bilan birga keladi. Jurnalistning fikricha, bu mamlakat — Saudiya Arabistoni, hech qachon “kimningdir shaxsiy maydoni” emas. Shu nuqtada u juda qattiq ibora ishlatib, Ronaldu o‘z chegarasini bilishi shartligini aytdi.
U yana bir muhim jihatga urg‘u berdi: Ronaldu Saudiyada olayotgan maosh — Yevropada hatto tasavvur qilish qiyin bo‘lgan raqam. Demak, bu yerda ham mas’uliyat, ham professional munosabat talab qilinadi. Al Farajning pozitsiyasiga ko‘ra, yulduz futbolchi ligani, klubni va shu chempionatni ko‘tarib turgan tizimni hurmat qilishi kerak — yoki o‘z yo‘lini boshqa joydan izlashi lozim.
Eslatib o‘tish kerak, xabarlarda Ronaldu so‘nggi vaqtlarda Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi — PIF yuritayotgan ayrim siyosatlardan norozi ekani, hatto «Al Nasr»ning ayrim mashg‘ulotlari va o‘yinlarini o‘tkazib yuborgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan. Shuning uchun ham bu chiqishlar muxlislar orasida “jiddiy signal” sifatida qabul qilinmoqda.
Chunki Ronaldu ketsa, bu faqat «Al Nasr» uchun emas, butun liga uchun ham og‘ir zarba bo‘lishi mumkin: nufuz, reklama, marketing, xalqaro e’tibor — hammasi bir zumda bosim ostida qoladi. Saudiya chempionati oxirgi yillarda aynan katta nomlar orqali global sahnaga chiqishni tezlatgan, Ronaldu esa shu loyihaning eng kuchli “magniti” bo‘lib kelgan.
Biroq hozirgi vaziyat shuni ko‘rsatyaptiki: katta nom — katta talab degani. Muxlislarga esa bitta narsa qiziq: yulduzlar ligani bezab, uning qadrini oshiradimi yoki tortishuvlar bilan uning imidjiga soya soladimi? Endi eng hal qiluvchi javobni Ronalduning o‘zi beradi — maydondagi harakati bilan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!