
Jahon banki O‘zbekistonda EduImkon dasturi doirasida ta’lim kreditlariga kirishni kengaytirish uchun $250 million miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan EduImkon dasturi Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladi va uning amalga oshirilishi Iqtisodiyot va moliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu dastur talabalarning moliyaviy ta’minot tizimidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Dastur doirasida ta’lim kreditlari tizimini yangilash, arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ayollar va kam ta’minlangan aholi qatlamlari uchun ta’lim kreditlaridan foydalanishni soddalashtirish ko‘zda tutilgan. EduImkon dasturi o‘quv tizimini mehnat bozori talablari bilan moslashtirish va bitiruvchilarning daromadlariga qarab to‘lanadigan kreditlarning sinovdan o‘tkazilishini ham nazarda tutadi.
Bank tomonidan ajratiladigan moliyaviy yordam 2028 yilgacha 600 ming nafar universitet, texnikum va kollej talabasini qamrab olishi kutilmoqda. Ushbu mablag‘ning $190 million ehtiyojmand o‘zbekistonliklar uchun ta’lim kreditlari va o‘qish yo‘nalishini tanlashga ko‘maklashishga yo‘naltiriladi.
EduImkon dasturi, shuningdek, yana $30 million miqdorida xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali ta’lim kreditlariga kirishni kengaytiradi va byudjetga bo‘lgan yukni kamaytiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.