Mashhur tiktokchi Xabi Leym o‘z “yuzi”ni 975 mln AQSH dollariga sotdi

TikTok’da sukut bilan dunyoni “ovora” qilgan Xabi Leym navbatdagi sensatsiyali qadamni tashladi. Oxirgi kunlarda tarqagan ma’lumotlarga ko‘ra, u bilan bog‘liq asosiy tijorat kompaniyasi — «Step Distinktiv Limited»ni «Rich Sparkl Xoldings» (ANPA) sotib olish bo‘yicha kelishuvga kelgan. Bitim qiymati 975 million AQSH dollarigacha baholanmoqda va eng muhimi — bu oddiy “reklama shartnomasi” emas, to‘liq biznesni qo‘lga kiritish formatida ko‘rinayapti.
Kelishuvning asosiy mohiyati shundaki, keyingi 36 oy davomida «Rich Sparkl Xoldings» Xabi Leym brendini tijoratlashtirish bo‘yicha global eksklyuziv huquqlarga ega bo‘ladi: reklama, mahsulotlar, hamkorlik loyihalari, kontentdan daromad qilish kanallari — hammasi bir ekotizimga yig‘iladi. Ya’ni, Xabining daromadi alohida-alohida reklama roliklariga emas, balki uning atrofida qurilayotgan katta biznes mashinaning umumiy natijasiga bog‘lanadi.
Eng qizig‘i — bitim “naqd pul berib yuborildi” degan oddiy ssenariyga o‘xshamaydi. Rasmiy hujjatlarda kelishuv aksiyalar chiqarish orqali, ya’ni ulush berish shaklida amalga oshirilishi qayd etilgan. Shuning uchun “u endi hech narsa qilmasa ham oyiga 27 million dollar aniq keladi” degan gaplar ehtiyotkorlik bilan qabul qilinishi kerak: qiymat — baholash, daromad esa biznesning keyingi natijasiga bog‘liq.
Bitimning yana bir shov-shuvli nuqtasi — sun’iy intellekt masalasi. Manbalarda Xabi Leym obrazi asosida “raqamli egizak” yo‘nalishi ham tilga olinadi: yuzi, ovozi va harakat uslubiga yaqin AI-kontent ishlab chiqish orqali turli tillarda doimiy efirlar va tijorat loyihalarini kengaytirish rejasi bor. Bu “24/7 ishlaydigan Xabi” degan konsept — va bu bozorda hali ko‘pchilik o‘rganib ulgurmagan yangi o‘yin qoidalari.
Xulosa oddiy: Xabi Leym bu gal ham trendni ushlab qolmadi — trendning o‘zini yaratyapti. Bugun kontent — shunchaki videolar emas, katta kapital, ulkan huquqlar va uzoq muddatli biznes strategiyasiga aylanyapti. Endi esa muxlislarga qoladigan savol bitta: “sukut” qancha davom etsa ham, u baribir pul ishlatishda gapirib qo‘yyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!