Xitoy mandarini va ananasiga O‘zbekistonda vaqtincha taqiq kiritildi

O‘zbekistonga Xitoydan olib kirilayotgan mandarin va ananas partiyalarida o‘simliklar karantini obyektlari tez-tez uchrayotgani sabab, ushbu mevalar importiga vaqtinchalik cheklov joriy etildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lum qildi.
Agentlikka ko‘ra, Xitoydan kelgan mandarin va ananas yuklaridan belgilangan tartibda namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilgan. Tahlillar natijasida namunalarda karantin ostidagi zararkunandalar aniqlangan.
Xususan, quyidagi zararli organizmlar qayd etilgani aytilmoqda: «Sitrus oq-qanoti» (Dialeurodes citri Ashmead), «Sharq sitrus qalqondori» (Unaspis yanonensis Kuwana), «Ananas unsimon qurti» (Dysmicoccus brevipes Cockerell). Ma’lum qilinishicha, bunday zararkunandalar qariyb 20 ta yukda topilgan.
Zararlangan mahsulotlar bo‘yicha Xitoy davlatining o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkiloti rasman ogohlantirilgan, tegishli ma’lumotlar hamda hujjatlar taqdim etilgan.
Taqiq amal qilgan davrda esa Xitoydan olib kelinishi rejalashtirilayotgan mandarin va ananaslarga karantin ruxsatnomalarini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi.
Qayd etilishicha, bu chora doimiy emas — u ehtimoliy xavf tug‘diruvchi karantin obyektlarining O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan. Shunday qilib, mutaxassislar hozircha bozorga kirib kelayotgan mevalar xavfsizligi masalasini birinchi o‘ringa qo‘ymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!