Tramp Kubaga neft beruvchilarga tariflar bilan tahdid qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Kubadan kelayotgan “milliy xavfsizlikka tahdid”ni bahona qilib, mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, shu qaror asosida Kubaga neft sotadi yoki boshqa yo‘l bilan yetkazib beradigan davlatlar tovarlariga qo‘shimcha tarif (boj) qo‘llash mexanizmi ishlab chiqiladi.
Ma’lum qilinishicha, rasmiy Vashington Kuba rahbariyati harakatlarini AQSH manfaatlariga zarar yetkazishga qaratilgan, shuningdek, Amerikaga dushman deb baholanayotgan davlatlar va terrorchilikka aloqador tuzilmalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘laydi. Shu boisdan Tramp ma’muriyati “neft zanjiri” orqali Gavanaga ko‘mak berayotganlar uchun iqtisodiy bosimni kuchaytirishni maqsad qilmoqda.
Favqulodda holat rejimi prezidentga odatiy sharoitda qiyin bo‘lgan ayrim qo‘shimcha vakolatlarni ham beradi. Ya’ni, qarorlar tezlashadi, mexanizmlar qattiqroq ishlaydi — qisqasi, “qizil tugma” rejimiga o‘xshash.
Ekspertlar esa Kuba iqtisodiyoti neft ta’minotidagi siljishlarga juda sezgir ekanini ta’kidlayapti. Rossiya Fanlar akademiyasining Lotin Amerikasi instituti vakili Lazar Xeyfes fikricha, Venesuela va Meksikadan neft yetkazib berishning keskin qisqarishi Kuba iqtisodiyotiga og‘ir zarba bo‘lgan. Shu fonda yangi tarif bosimi energiya tanqisligi va narxlar bo‘yicha vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.
Bir gap: bu qaror faqat Kubaga emas, neft oqimiga bog‘langan butun “ta’minot zanjiri”ga signal. Endi asosiy savol — qaysi davlatlar va qaysi tovarlar birinchi bo‘lib “tarif to‘lqini”ga ilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!