YouTube sun’iy intellekt slopiga qarshi qat’iy tozalash boshladi

YouTube platformasida sun’iy intellekt yordamida yasalgan past sifatli, mazmunsiz va takroriy videolarga qarshi kurash yangi bosqichga chiqdi. The Verge xabar berishicha, videoxosting aynan shunday “SI-slop” kontent tarqatgan yirik kanallarni o‘chira boshladi.
Kapwing montaj xizmati keltirgan hisobotga ko‘ra, YouTube 5,9 million obunachiga ega CuentosFacianantes kanalini platformadan olib tashlagan. Ushbu kanal videolarining umumiy ko‘rilishlari 1,2 milliardgacha yetgani qayd etilgan. Shu bilan birga, 5,8 milliondan ziyod auditoriya to‘plagan Imperio de Jesus kanali ham endi YouTube’da ko‘rinmaydi.
Qayd etilishicha, bu “tozalash” jarayoni YouTube bosh direktori Nil Mohan sifatsiz SI-kontent keskin ko‘payib ketganidan xavotir bildirganidan keyin yanada faollashgan. U foydalanuvchilarga yo‘llagan murojaatida platforma SI-slop tarqalishini kamaytirish, shuningdek, spam va klikbeytga qarshi kurash tizimlarini kuchaytirishga va’da bergan.
Mutaxassislar fikricha, “SI-slop” deganda ko‘pincha bir xil ssenariy, sun’iy ovoz, tasodifiy kadrlar va tez-tez takrorlanadigan “sensatsiya” uslubidagi roliklar tushuniladi. Bunday kontent tez ko‘payib, tavsiyalar lentasini to‘ldirib qo‘yadi va natijada haqiqiy mehnat qilingan videolarning ko‘rilish olishi qiyinlashadi.
Shu bois YouTube’ning keskin choralari oddiy tomoshabin uchun “lentam tozalanadi” degan umidni kuchaytirsa, kontent yaratuvchilar uchun esa bitta aniq signal: sun’iy intellektdan foydalanish mumkin, lekin mazmun, sifat va halol format birinchi o‘rinda. Hozir esa platformadagi asosiy trend bitta — kim sifatni ushlay olmasa, algoritm ham, qoidalar ham kechirmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!