10:04 / 18.04.2020
2 835

Kartoshkachilik yo‘nalishida klasterlar va kooperatsiyalar tashkil etiladi

Kartoshkachilik yo‘nalishida klasterlar va kooperatsiyalar tashkil etiladi
Prezidentning “Respublikada kartoshka yetishtirish va uning urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining kartoshka urug‘ligi yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlarda innovatsion, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, kartoshkani yaxlit maydonlarda yetishtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida kartoshkachilik yo‘nalishida klasterlar va kooperatsiyalar tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

Quyidagilar:
  • Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda iste’mol va urug‘lik kartoshka, jumladan, super elita, elita avlodlarini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlar va hududlar ro‘yxati;
  • Respublikada 2020 yilda fermer xo‘jaliklarida va aholi tomorqa maydonlarida kartoshka ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
  • 2020 yil hosili uchun g‘alladan bo‘shagan maydonlarga ekish uchun import qilinadigan kartoshka urug‘ligi taqsimoti tasdiqlanadi.

Aholini yil davomida kartoshka bilan barqaror ta’minlash maqsadida iste’mol me’yori asosida kelgusi yil uchun kartoshka ekin maydonlari va yalpi hosili prognoz ko‘rsatkichlari klaster va kooperatsiyalar takliflari asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan har yili 1 dekabrga qadar aniqlanishi belgilab qo‘yiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Toshkent, Samarqand, Namangan va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bilan birgalikda 2020 yil noyabr oyiga qadar viruslardan holi sog‘lomlashtirilgan mahalliy kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish uchun hududlarda “in vitro” laboratoriyalarini mahalliy investorlar hamda xalqaro moliya tashkilotlarining kredit va grant mablag‘larini o‘zlashtirish hisobiga tashkil etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari takroriy maydonlarga ekiladigan yetishmaydigan kartoshka urug‘ligini import qilinishi va to‘liq ekilishiga shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi urug‘lik kartoshkani qisqa muddatlarda import qilish uchun o‘rnatilgan tartibda “Yashil yo‘lak” tashkil etish choralarini ko‘radilar.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari, kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarini rag‘batlantirish maqsadida urug‘lik kartoshka import qiluvchilar hamda yetishtiruvchi sub’ektlarga urug‘lik xarid qilish uchun tijorat banklari Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasida kredit mablag‘lari ajratadi.

Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha hisoblanadigan foiz stavkasining 50 foizi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
- har yili 1 dekabrgacha kartoshka urug‘liklarni avlodlari kesimida yillik talabini hamda yetishmaydigan miqdorini aniqlaydi;
- xalqaro bozorlarda ko‘p yillik tajribaga ega, raqobatbardosh urug‘lik yetishtiruvchi kompaniyalar ro‘yxatini shakllantiradi;

v) 2020 yil 1 maydan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan davrda Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmasiga asosan sub’ektlar tomonidan olib kelinadigan kartoshkaning yuqori avlodli urug‘lari umumiy qiymatining 20 foizi hamda respublikada ishlab chiqarilmaydigan kartoshka ekish, yig‘ishtirib olish va saralash texnikalarini import qilishda texnika qiymatining 15 foizi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi;

g) 2023 yil 1 iyulga qadar urug‘lik kartoshkani import qiluvchi sub’ektlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan aniqlangan miqdordagi urug‘lik kartoshkani import qilishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bundan mustasno) ozod qilinadi;

d) “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati import qilinadigan urug‘lik kartoshkani qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berilishini hamda import qiluvchi xo‘jalik sub’ektlariga imtiyozli (50 foiz arzon) tariflarda temir yo‘l xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlaydi;

ye) tomchilatib va yomg‘irlatib (Sprinkler) sug‘orish qo‘llaniladigan yerlar – tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etilgan yilning boshidan e’tiboran uch yil muddatga 50 foiz soliqdan ozod etiladi;

j) ko‘rsatilgan imtiyozlar maqsadli ishlatilmagan taqdirda imtiyozdan foydalanuvchilardan to‘lanmagan soliq, subsidiyalar va bojxona to‘lovlari summasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanib, Davlat budjetiga undirib olinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini tanlab olishning shaffof tartibini ishlab chiqadi.

Toshkent viloyati hokimligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:
kartoshkaning mahalliy navlari birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish maqsadida Fanlar akademiyasi tizimidagi akademik A.S. Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti tasarrufidagi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Soyliq” MFY hududida joylashgan 17,2 gektar yer maydonini Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga o‘tkazilishini;

yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish maqsadida foydalanish uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Burchmullo” o‘rmon xo‘jaligining “Dadaboyev” va “Piskom” hududlaridan “Bo‘stonliq kartoshkachilik markazi”ga 600 gektar ochiq sug‘oriladigan yer maydonlari ajratilishini ta’minlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Kartoshkachilik yo‘nalishida klasterlar va kooperatsiyalar tashkil etiladi