Surxondaryo viloyati paxtakorlari yana bir bor o‘z mehnati va fidoyiligi bilan butun mamlakatga namuna ko‘rsatdi. Viloyat dehqonlari 2025 yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini O‘zbekistonda birinchi bo‘lib bajarishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zA.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qabul shoxobchalariga jami 275 ming 600 tonnadan ortiq yuqori sifatli xom ashyo topshirilgan. Hosilni o‘z vaqtida, tez va talafotsiz yig‘ib olish maqsadida jami 1 ming 277 ta terim otryadi tashkil etilgan. Shuningdek, terilgan paxtani qabul shoxobchalariga yetkazish uchun 2 ming 10 ta traktor va 2 ming 965 ta tirkama jalb qilingan.
Xabarda ta’kidlanishicha, ob-havo noqulay kelgan, suv tanqisligi sezilgan bu yilda ham surxondaryolik dehqonlar o‘z tajribasi va mehnatsevarligi tufayli mo‘l hosilga erishgan. Ular har bir maydonni oqilona boshqarib, yerda maksimal samaraga erishgan.
Hosil yig‘imini tez va sifatli amalga oshirish uchun 2025 yil sentyabr oyida Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy FM-World rusumli paxta terish mashinalari olib kelingan. Bu texnika terim jarayonini avtomatlashtirish va vaqtni tejashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Ma’lumot uchun, Surxondaryo viloyati so‘nggi uch yil ichida — 2023 va 2024 yillarda ham paxta topshirish rejasini mamlakat bo‘yicha birinchi bo‘lib bajargan edi.
Bugun esa viloyat paxtakorlari yana ilk bo‘lib o‘z nomini quyoshli diyorning faxriga aylantirdi. Mehnatkashlar sabr va sabot bilan ter to‘kib, Surxondaryoni mamlakat qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida yetakchi hudud sifatida mustahkamlab bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!