Toshkent shahar hokimligi poytaxtda transport harakatini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha yangilangan rejani taqdim etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda shaharga kirish va chiqishdagi postlar ko‘chiriladi. Bu chora tirbandliklarni oldini olish va kirish-chiqish oqimini yengillashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, avtobuslar uchun alohida yo‘laklar — BRT tizimi joriy etiladi. Yangi loyiha 10 ta ko‘chani qamrab oladi va umumiy uzunligi 51 kilometr bo‘ladi, deb xabar berdi hokimlik.uz.
Prezidentga taqdim etilgan rejaga ko‘ra, Shota Rustaveli, Shahrisabz, Amir Temur, Yangi Sergeli, Maxtumquli, Mirzo Ulug‘bek – Feruza – Yuzirobod, Lutfiy, Muqimiy, Nuravshon, Qoratosh – Ko‘kcha darvoza hamda Alisher Navoiy – Beruniy ko‘chalarida tizim quriladi.
Loyiha uchun 126 million dollar sarflanishi rejalashtirilgan. Hokimlikning fikricha, ushbu o‘zgarishlar transport tizimini zamonaviylashtirib, shaharda harakat erkinligini oshiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!