Ukrainada mashhur “Qizaloq va maymoq” multfilmi atrofida tortishuv boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihaga nisbatan Rossiya bilan bog‘liqligi uchun sanksiyalar joriy etish taklifi ilgari surilgan, deb xabar berdi ukrain OAV.
Taklifni Ukraina parlamentining matbuot erkinligi bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Yurchishin bergan. Uning ta’kidlashicha, multfilmning ukraincha versiyasida ham Rossiyaga xos imperiyaviy va harbiy g‘oyalar ko‘zga tashlanadi.
Deputatning fikricha, bolalar multfilmlari Rossiya tomonidan ta’sir vositasi sifatida qo‘llanilayotgan bo‘lib, ko‘pchilik ota-onalar internetda farzandlariga namoyish qilinayotgan kontentni nazorat qilmaydi. “Rossiya kontentini tozalash va milliy brendlarni yaratish vaqti keldi”, — degan u.
Mutaxassislar “Qizaloq va maymoq”da bir qator targ‘ibotiy belgilar borligini aytishmoqda: qizaloq ko‘pincha jazodan qutulib ketadi va ba’zi sahnalarda Sovet davriga xos shlyapa kiyib chiqadi.
Agar sanksiyalar tasdiqlansa, politsiya multfilmni taqiqlangan kontentlar qatoriga kiritishi mumkin.
“The Times” nashri yozishicha, mazkur qahramon Rossiyaning “yumshoq kuchi” ramzi sifatida qabul qilinib, bolalar ongida muayyan qadriyatlarni shakllantirishda qo‘llanilishi mumkin.
Hozircha qaror qabul qilinmagan, biroq muhokama qizg‘in ketmoqda. Multfilmni ayrimlar bezarar deb hisoblasa, boshqalar uni ideologik ta’sir vositasi sifatida ko‘rmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!