08:30 / 28.07.2020
2 300

O‘zbekistonda savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida plastik kartalar orqali to‘langan to‘lovlar daromad solig‘idan ozod etilishi mumkin

O‘zbekistonda savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida plastik kartalar orqali to‘langan to‘lovlar daromad solig‘idan ozod etilishi mumkin
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda bojxona va soliq tizimiga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi. Inson omiliga chek qo‘yish orqali kontrabanda va mahsulotlarning bojxona qiymatini sun’iy pasaytirish holatlari ustidan bojxona nazoratini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasiga import tovarlarining kirib kelishi, bojxonadan o‘tkazilishi va sotilishi bo‘yicha yagona bazani ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan «Bojxona auditi» axborot tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.

Prezident yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarning legal ishlashiga ko‘maklashish, ularni manfaatdor qilish kerakligini ta’kidladi.

Masalan, o‘zini o‘zi band qilish tizimi soddalashtirilgani natijasida iyul oyining o‘zida 184 ming fuqaro rasmiy sektorda ish yurita boshladi.

Lekin qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida norasmiy bandlik darajasi hamon yuqori. Umuman, iqtisodiyotda band bo‘lgan 10,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad solig‘i to‘laydi.

Yig‘ilishda bunday sohalar bo‘yicha manzilli ishlash, norasmiy faoliyat yuritayotgan sub’ektlarni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar orqali yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish kerakligi aytildi. Savdo, umumiy ovqatlanish, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida plastik kartalar va boshqa turdagi kontaktsiz to‘lovlarni aylanma daromad solig‘ini hisoblash bazasiga kiritmaslik taklifi bildirildi.

Davlat rahbari kichik biznes sub’ektlari uchun soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalashdagi ortiqcha tartib-taomillarni yanada qisqartirish zarurligini ta’kidladi.

Masalan, 100 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomani qisqartirib, xabardor qilish tartibiga o‘tkazish, yana ko‘plarini soddalashtirish, 14 ta hujjatni berish muddatlarini 2 baravargacha qisqartirish mumkin. Ushbu choralar natijasida tadbirkorlar yiliga 125 milliard so‘m iqtisod qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 43 ta idoraning 270 ta nazorat funksiyasini tanqidiy o‘rganib, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga sabab bo‘layotgan vakolatlarini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘z navbatida, korrupsion va yashirin faoliyatga mukkasidan ketgan noinsof tadbirkorlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligi aytildi.

Yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar bo‘yicha tahlil qilish talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda bir viloyat misolida yashirin iqtisodiyotning statistik hisoboti joriy etilishi belgilandi.

Korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir. Shu bois jamiyatda bu illatlarga nisbatan nafrat tuyg‘usini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning salbiy oqibatlarini yoritib borish muhimligi qayd etildi.

«Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tadbirkorlarni jazolash, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish degani emas. Bu, ayniqsa, pandemiya davrida katta ahamiyatga ega. Joylarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali mayda korrupsiyaga ham qat’iy choralar ko‘rish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan har bir vazirlik va tarmoq oldiga yil yakunida aniq ko‘rsatkichlarga (KPI) erishish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil iyul oyida o‘sha vaqtdagi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot 45-46 foizni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida plastik kartalar orqali to‘langan to‘lovlar daromad solig‘idan ozod etilishi mumkin