date

Donald Tramp Xitoy tahdidlariga qarshi “Oltin flot” tuzmoqda

Donald Tramp Xitoy tahdidlariga qarshi “Oltin flot” tuzmoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat harbiy flotini tubdan yangilash va “Oltin flot” deb nomlangan yangi dengiz strategiyasini amalga oshirish niyatida ekanini ma’lum qildi, deb yozadi The Wall Street Journal manbalarga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi flot Xitoydan kelayotgan ehtimoliy harbiy tahdidlarga qarshi samarali javob berishi kerak bo‘ladi. Bu reja hozircha muhokama bosqichida, ammo Trampning o‘zi shaxsan jarayonni nazorat qilib bormoqda.

Yangi konsepsiya doirasida AQSH uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar bilan jihozlangan yirik jangovar kemalar hamda tezkor harakatlana oladigan kichikroq korvetlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, gipertovushli qurollar bilan jihozlangan yangi fregatlar sinfi yaratilishi mumkin.

Dengiz sohasida faoliyat yuritgan zahiradagi harbiy Brayan Klarkning so‘zlariga ko‘ra, Vashington flotni 280–300 ta kema va ko‘plab uchuvchisiz dronlar bilan to‘ldirishni maqsad qilgan. Uning fikricha, katta va kichik kemalardan bir vaqtning o‘zida foydalanish zamonaviy tahdidlarga mos model hisoblanadi.

— Hozirgi flot yangi xavflarga qarshi yetarlicha samarali kurasha olmayapti. Bu yaqqol Qizil dengizda husiylar hujumlarini qaytarishda ko‘rindi. Shu bois yangi formatdagi flot zarur, — dedi Klark.

Uning ta’kidlashicha, katta miqyosli jangovar kemalarni qurish Trampning amaliy muddati davomida tugallanmasligi mumkin, ammo kichik korvetlar ishlab chiqarishni boshlash ehtimoli yuqori.

Prezident Tramp so‘nggi chiqishlaridan birida ayrim flot kemalarining tashqi ko‘rinishi unga ma’qul emasligini aytgan va o‘zini “juda estetik inson” deb ta’riflagan edi. Shu bilan birga, u 2026-yilda AQSH 19 ta yangi harbiy kemaga ega bo‘lishini va ma’muriyati “Oltin gumbaz” nomli raketaga qarshi mudofaa tizimini ishga tushirganini ham eslatdi.

“Oltin flot” konsepsiyasi, tahlilchilar fikricha, Tramp ma’muriyatining AQSH harbiy-dengiz qudratini qayta tiklash, Xitoy va boshqa geosiyosiy raqiblarga qarshi strategiyani mustahkamlash niyatini ko‘rsatadi.

Agar reja amalga oshsa, Amerika flotining yangi avlodi nafaqat jangovar salohiyatni oshiradi, balki AQSHning global dengizdagi ustunligini yanada mustahkamlab, yangi qudrat ramziga aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Tramp Xitoy tahdidlariga qarshi “Oltin flot” tuzmoqda