date

«Napoli» «Inter»ni mag‘lub etib, peshqadamga aylandi

«Napoli» «Inter»ni mag‘lub etib, peshqadamga aylandi

Italiya A Seriyasining 8-turidan o‘rin olgan markaziy bahs Neapolda bo‘lib o‘tdi. «Diyego Armando Maradona» stadionidagi uchrashuvda mahalliy «Napoli» muxlislarini xursand etib, «Inter» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.

O‘yin yuqori sur’atda boshlandi. Birinchi bo‘limda maydondagi ustunlikni qo‘lga olgan «Napoli» raqib jarima maydonchasi yaqinida faol harakat qildi. 33-daqiqada jamoaning yetakchi yarim himoyachisi Kevin De Bryuyne penaltidan aniq zarba berib, hisobni ochdi. Uning zarbasidan so‘ng stadiondagi muxlislarning qo‘l chapaklariga ko‘mildi, ammo belgiyalik futbolchi bu epizodda jarohat oldi va qisqa vaqt ichida almashtirildi.

Ikkinchi taym boshlanishi bilan neapolliklar ustunligini yanada oshirdi. 54-daqiqada Maktominey uzoq masofadan gol urib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Ammo «Inter» ham javobsiz qolmadi — 59-daqiqada Chalxono‘g‘li penaltidan aniq zarba berib, intrigani qayta tikladi.

Shundan so‘ng o‘yin yanada qizib bordi. 66-daqiqada Andre-Frank Zambo Angissa jamoasi uchun uchinchi golni kiritdi va «Napoli» ustunligini mustahkamladi. Qolgan daqiqalarda «Inter» faol harakat qilgan bo‘lsa-da, hisob o‘zgarmadi. Uchrashuv 3:1 hisobida «Napoli» foydasiga yakunlandi.

Napoli — Inter 3:1

Gollar: De Bryuyne (33, penalti), Maktominey (54), Angissa (66) — Chalxono‘g‘li (59, penalti).

Napoli — Milinkovich-Savich, Di Lorenso, Buonjorno (Bekema, 90), Jezus, Spinatssola (Gutiyerres, 90), Gilmur, Politano (Elmaz, 82), Angissa, De Bryuyne (Olivera, 37), Maktominey, Neres (Lang, 82).

Inter — Zommer, Akanji, Acherbi, Bastoni, Dumfris (Luis Enrike, 73), Dimarko, Barella (Frattezi, 73), Chalxono‘g‘li (Suchich, 73), Mxitaryan (Zelinski, 32), Martines, Bonni (Espozito, 62).

Ogohlantirishlar: Di Lorenso (43), Gilmur (45+6), Bastoni (77).

Bu g‘alaba neapolliklarga ochkolarini 18 taga yetkazish va «Milan»ni ortda qoldirgan holda A Seriyada peshqadamlikni qo‘lga kiritish imkonini berdi. «Inter» esa 15 ochko bilan 4-pog‘onada qoldi.

Shunday qilib, «Napoli» muxlislari uchun bu kecha haqiqiy bayramga aylandi. De Bryuyne, Maktominey va Angissaning gollari orqali jamoa nafaqat muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi, balki chempionlik sari yana bir dadil qadam tashladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Napoli» «Inter»ni mag‘lub etib, peshqadamga aylandi