
«Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi Bahrom Haydarov Superliganing 26-turidan o‘rin olgan «Qo‘qon-1912» — «Navbahor» (2:0) uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi. Uning fikricha, bu g‘alaba jamoa uchun ham, muxlislar uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
— Avvalo, bugungi kasb bayramini nishonlayotgan ichki ishlar xodimlarini tabriklab o‘tmoqchiman, — dedi Haydarov. — Ular sabab futbolimiz tinch va tartibli o‘tyapti. Endi o‘yinga kelsak, juda og‘ir bahs bo‘ldi. «Navbahor»ning motivatsiyasi yuqori edi, biz ham buni kutgandik. Ularning qarshi hujumlariga tayyorlandik, ammo gol urish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Darvozabonimiz bir necha vaziyatda jamoani qutqardi — uning ishtiroki g‘alabada muhim rol o‘ynadi.
Murabbiyning ta’kidlashicha, «Navbahor» futbolchisi Azim Ahmedovning 22-daqiqada olgan qizil kartochkasi o‘yin oqimiga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, bu g‘alabani kafolatlamadi.
— Bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynash faqat ustunlik bermaydi, — dedi Haydarov. — Chunki ba’zan kamchilikda qolgan jamoalar ham g‘alaba qozonishi mumkin. «Navbahor»da individual jihatdan kuchli futbolchilar bor, ular bilan ehtiyotkor o‘ynash talab qilindi. Biz xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildik va natijada o‘z o‘yinimizni topdik.
Jurnalistlar murabbiydan nega ayrim yaxshi o‘ynab turgan futbolchilarni almashtirgani haqida so‘rashdi.
— Muxlislar asosan to‘p bilan harakatni ko‘rishadi, lekin biz murabbiylar to‘psiz harakatni ham kuzatamiz, — dedi u. — Ba’zi futbolchilarni o‘rta chiziqni kuchaytirish maqsadida almashtirdik. Bu taktik qaror edi. Men uchun eng muhimi — jamoada raqobat borligi. Hozir jamoamda har bir futbolchi maydonga tushsa, o‘zini ko‘rsatishga tayyor.
Haydarov chempionlik uchun kurash borasida ham o‘z fikrini bildirdi:
— Har o‘yindan keyin «kim chempion bo‘ladi?» degan savol berilayapti, lekin hozir aniq favorit yo‘q, — dedi u. — «Neftchi» va «Nasaf»ning imkoniyatlari teng. Har ikki jamoa ham so‘nggi turgacha kurashadi. Bu mavsum juda qiziq bo‘layapti — futbolchilarda ham, muxlislarda ham ishtiyoq baland.
Bahrom Haydarov so‘zini «Qo‘qon-1912» muxlislariga minnatdorlik bildirish bilan yakunladi:
— Bu g‘alaba ular uchun. Ular har doim bizga ishonishadi, hatto og‘ir paytlarda ham. Yigitlar bunday muxlislar uchun maydonda jon kuydirishga arziydi, — dedi murabbiy.
Shu tariqa, «Qo‘qon-1912»ning «Navbahor» ustidan qozongan muhim g‘alabasi jamoani liga jadvalida 10-pog‘onaga ko‘tardi va chempionat oxiridagi kurash yanada qiziqayotganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!