date

Kamala Harris yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin

Kamala Harris yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin

AQSHning sobiq vitse-prezidenti Kamala Harris kelajakda prezidentlikka nomzodini yana qo‘yishi mumkinligini bildirib, siyosiy sahnada yana faol ishtirok etish ehtimolini ochiq qoldirdi. Bu haqda siyosatchi BBC nashriga bergan suhbatida so‘z yuritdi.

Harrisning ta’kidlashicha, u hali siyosatdan butunlay chetga chiqishni rejalashtirayotgani yo‘q, aksincha, jamiyatga xizmat qilish unda qonda bor tuyg‘u ekanini qayd etdi.

“Men butun faoliyatimni odamlarga xizmat qilish bilan o‘tkazganman va bu mening tabiatimda bor. Buni o‘zimdan ayirolmayman”, — dedi u intervyu davomida.

Undan “Qachondir Oq uyni boshqaradigan birinchi ayol bo‘la olasizmi?” deb so‘ralganida esa Harris shunday javob qaytardi: “Ehtimol, ha”. Biroq u hozircha prezidentlikka rasmiy nomzod bo‘lish yoki bo‘lmaslik haqida yakuniy qaror qabul qilmaganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi navbatdagi prezidentlik saylovi 2028-yilda o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Harris siyosiy faoliyatda yangi bosqichni boshlash yoki boshqa yo‘nalishda faoliyat yuritish haqida hali o‘ylab ko‘rayotganini aytdi.

“Xizmat qilishning ko‘p usullari bor, ammo men kelajakda aynan nimani tanlashimni hali hal qilmaganman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Harris shuningdek, o‘z nomzodi Demokratik partiya uchun ahamiyatsiz yoki kuchsiz deb hisoblanishi haqidagi fikrlarga javob qaytardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u so‘rov va tahlillarga emas, balki ishonch va harakatga tayanadi.

“Agar men faqat so‘rov natijalariga qaraganimda, ehtimol, birinchi yoki ikkinchi lavozimga hech qachon nomzodimni qo‘ymagan bo‘lardim. Hozir esa men bu yerda turibman”, — dedi Harris.

Suhbat davomida u amaldagi prezident Donald Tramp faoliyatini ham tanqid qildi. Harrisning fikricha, Tramp federal idoralarni shaxsiy maqsadlarida qo‘llab, ayrim biznes va tashkilot rahbarlarini bosim ostida qoldirgan.

“Ko‘pchilik odamlar hali u hokimiyatga qaytmasidan oldinoq uning oldida tiz cho‘kdi. Ular hokimiyatga yaqin bo‘lishni yoki javobgarlikdan qochishni xohlashdi”, — dedi Kamala Harris.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi prezidentlik saylovida Kamala Harris 48,43 foiz ovoz to‘plagan, ammo Donald Tramp g‘alaba qozongandi. Shu bois endi u siyosiy revansh haqida jiddiy o‘ylayotgani kuzatilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kamala Harris yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin