Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
DSQ yuborgan minglab talabnomalar tadbirkorlarni ijtimoiy tarmoqlarda guruhlarga birlashtirdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Soliq qo‘mitasi binosi oldida yig‘ilgan bir guruh norozi tadbirkorlar aks etgan videolar tarqaldi. Ularning hisobraqamlari muzlatib qo‘yilgan. Tadbirkorlar nimadan norozi, DSQ qanday izoh beradi?
10 mingga yaqin xo‘jalik yuritish sub’ektlariga DSQ tomonidan talabnoma yuborilgan. Ular nimadan norozi?
Davlat soliq qo‘mitasi 2021 yilning fevral oyida «Lozim darajada ehtiyotkorlik» xizmatini ishga tushirgan edi, unda shubhali soliq to‘lovchilar ro‘yxati shakllantirildi.
Tizim orqali endilikda tadbirkorlar o‘z biznes-sheriklarining to‘lanishi kerak bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalarini kamaytirish tarzidagi huquqni suiiste’mol qilgan korxonalar ro‘yxatiga tushib qolgani yoki unda mavjud emasligini tekshirishi mumkin.
Qo‘mita bergan xabarga ko‘ra, ro‘yxatga ayni paytda 396 nafar shubhali soliq to‘lovchilar kiritilgan bo‘lib, ular bilan hamkorlik qilgan (tovar yoki xizmat olgan) qariyb 10 mingga yaqin xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi hisobga olingan holda budjetga to‘lanmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, budjetga to‘lanmay kelingan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ni o‘rniga qo‘yish maqsadida ro‘yxatga kiritilgan 396 nafar soliq to‘lovchi va ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorga talabnoma yuborilgan.
Talabnomada tadbirkorlik sub’ektlarining soliq qarzi (QQS miqdori) hamda soliq qarzini vaqtida to‘lamagan taqdirda chora ko‘rilishi bildirilgan.
Qo‘mita soliq kodeksining 14-moddasiga muvofiq, noto‘g‘ri ishlagan soliq to‘lovchi (DSQ saytida e’lon qilingan ro‘yxatga kirgan shubhali 396 korxonadan biri yoki bir nechtasi) bilan hamkorlik qilgan (tovar yoki xizmatlar sotib olgan) tadbirkorlik sub’ektlariga hisobga olish qo‘llanilmaydi.
Hisobga olish nima degani?
Moliyachi Otabek Bakirov hisobga olishni shunday tushuntiradi:
«A korxona «B» korxonadan QQS bilan 115 so‘mga mahsulot oldi va «S» korxonaga QQS bilan 150 so‘mga sotdi, deylik. Shunda «A» korxona aslida 5,25 so‘m QQS to‘laydi (150-115)*15%. Lekin DSQ «B» korxonani «obnalchi» (shubhali soliq to‘lovchi) deb topib, uni QQS to‘lovchisi emas, deb hisoblayotgani uchun endi «A» korxona 22,5 so‘m QQS to‘laydigan bo‘lib qolyapti (150*15%). Chunki hisobga olish olib tashlanyapti».
Demak, masala shundaki, iqtisodchi A korxona deb tushuntirgan korxonalar shubhali soliq to‘lovchi – 396ta korxonalarning biridan tovar yoki xizmat sotib olgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlaridir. Ular aynan noto‘g‘ri ishlagan soliq to‘lovchilar bilan hamkorlik qilgani uchun oshirilgan QQS to‘lashga majbur bo‘lmoqda. To‘g‘rirog‘i, QQS salbiy farqi qaytarib berilmaydi. Chunki shubhali korxona bilan soliq operatsiyasini amalga oshirgan tadbirkorlik sub’ektlari kontragentni tanlashda lozim darajada ehtiyotkorlik qilmagan, deb topilishi mumkin.
Ya’ni shubhali korxonalar to‘lamagan soliq kamomadi insofli soliq to‘lovchilar bo‘yniga tushmoqda. Tadbirkorlar iddaosiga ko‘ra, ular «yemagan somsalariga pul to‘lashga» majbur bo‘lishmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarining reaksiyasi qanday?
DSQ tomonidan taqdimnoma yuborilgan tadbirkorlar soliq organlari idoralariga norozi bo‘lib murojaat qilishmoqda.
Kun.uz’ga ismi sir saqlanishini so‘rab murojaat qilgan tadbirkorga ko‘ra, kecha Toshkent shahar soliq boshqarmasi, bugun 16 fevral kuni Davlat soliq qo‘mitasi binosi oldida 150dan ziyod tadbirkorlar norozi bo‘lib yig‘ilishgan. Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga ikki kun ichida 2,500 dan ziyod foydalanuvchi yig‘ildi. Tadbirkorlar ushbu tartibning bekor qilinishini, noinsof soliq to‘lovchilar to‘lamagan soliq summasini soliqlarni vaqtida to‘lab kelayotgan tadbirkorlardan undirilmaslikni xohlashmoqda.
Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkorlardan birining fikriga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi kontragent korxonalarning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yishi shubhali.
«Insofsiz soliq to‘lovchilarning soliq kamomadlari insofli soliq to‘lovchilar bo‘yniga tushishi so‘roq ostiga olinishidan avval shu savol tug‘iladi: qanday qilib soliq qo‘mitasi shubhali korxonaning faoliyatiga yo‘l qo‘yib berdi? Ertaga men ham kontragent korxona bo‘lib, soliqdan qochib yursam, insofli soliq to‘lovchilar men tufayli QQS to‘lab yuraveradimi?», – deydi u.
Kun.uz bilan suhbatlashgan yana bir tadbirkorga ko‘ra, tadbirkorlarga bankdan naqd pul olishga ruxsat berilishi kerak.
«Shunda tadbirkor tovarni bozordan sotib olib realizatsiya qilaveradi. Ilgari aylanmadan 5 foiz soliq olinar edi, muammo yo‘q edi. QQS bo‘ldi-yu, «obnalchi»lar boshlandi», - deydi u.
Davlat soliq qo‘mitasi qanday izoh beradi?
Shundan so‘ng, DSQ Soliq to‘lovchi tomonidan bitimning (operatsiyaning) qonuniyligini va haqiqiyligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, kontragentni tanlashda lozim darajada ehtiyotkorlik qilganligini va mol yetkazib beruvchining bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilsa, QQSning hisobga olinadigan summasi darxol tiklanishini ma’lum qildi. Qo‘mita bunda har bir holat alohida ko‘rilishini e’lon qildi.
15 fevral kuni Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga 50dan ortiq soliq to‘lovchi tuzatish kiritilgan yoki hisobga olish bekor qilingan QQS summasini qaytarishni talab qilgan holda murojaat qilgan. Qo‘mita soliq to‘lovchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni ko‘rib chiquvchi maxsus ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.
Nega tadbirkorlarning hisobraqamlari muzlatib qo‘yildi? Tadbirkorlar ogohlantirildimi?
Norozilik bildirayotgan tadbirkorlarga ko‘ra, ularga DSQ tomonidan taqdimnoma yuborilgach, ularning hisobraqamlari muzlatilgan. So‘roq-savolsiz ko‘pchilikning hisobraqamidan pullar yechib olingan, mablag‘ yetarli bo‘lmagan holatlarda kartoteka o‘rnatilgan.
Andijonlik tadbirkorning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida ayrim tadbirkorlarga yuborilgan xabarnomada tadbirkorlik sub’ekti shubhali 396 korxonalardan biri bilan tuzgan shartnoma qalbaki yoki kuzbo‘yamachilik uchun tuzilganligi aniqlangani ma’lum qilingan. Ulardan kirim qilingan xizmat yoki tovarlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini xisobga olmaslik bildirilgan.
«Hujjatlar taqdim kilib, e’tiroz bildirishimizga qaramasdan DSQ qarzni to‘lash to‘g‘risida talabnoma jo‘natgan. Haqqi bor tadbirkorlik sub’ektlarining (korxona tomonidan sotib olingan mahsulot, korxona realizatsiya qilgan mahsulotga nisbatan ko‘p bo‘lganida, soliq hisobotlarida korxona QQSdan haqdor bo‘lib qoladi) haqlari kamayib ketgan. Hisobida puli bor tadbirkorlik sub’ektlarining hisobraqamidan pullar yechib olingan, puli yetarli bo‘lmaganlarning hisobraqamiga kartoteka qo‘yilgan. Bildirilgan e’tirozlar yoki berilgan hujjatlar hech inobatga olinmagan. Vaholanki, ikki xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘rtasida tuzilgan shartnomani qalbaki deb topish soliq organlari vakolatida emas. Bunday vakolat cudlarga berilgan. Sud qarorisiz o‘zlari korxonalarga sun’iy qarzdorliklar yuklashdi»,- deydi u.
Biznes-ombudsman QQS yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga yuborilgan xabarnomalarning qonuniyligini o‘rganishni boshlaganini ma’lum qildi.
«Soliq organlarining ushbu harakatlari tadbirkorlar orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarayotganligini inobatga olgan holda, Biznes-ombudsman devoni Davlat soliq qo‘mitasining mas’ul mansabdor shaxslari ishtirokida ushbu harakatlarning qonuniyligini o‘rganib chiqilmoqda», - deyiladi rasmiy xabarda.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi