Valverde atrofidagi janjallar “Real” muxlislarini xavotirga solmoqda

Madridning “Real” klubida yana shov-shuvli voqealar muhokama markaziga chiqdi. Bu safar asosiy e’tibor jamoa yetakchilaridan biri — Federiko Valverde atrofidagi mojarolarga qaratilmoqda.
Ispaniyalik jurnalist Raul Varela urugvaylik yarim himoyachi ishtirokidagi yana bir keskin holat haqida ma’lumot berdi. Avvalroq OAVda Valverde mashg‘ulot jarayonida jamoadoshi Orelen Tchuameni bilan janjallashib ketgani, hatto vaziyat mushtlashuvgacha yetgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, ikki futbolchi o‘rtasidagi taranglik mashg‘ulot davomidayoq boshlangan va keyinchalik vaziyat jiddiy tus olgan. Hatto Tchuameni shifoxonaga olib ketilgani haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
“La Tribu” dasturi boshlovchisi va direktori Raul Varela esa bu kabi holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘qligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil aprel oyida “Alaves”ga qarshi uchrashuvdan keyin ham Valverde kiyinish xonasida jamoadoshlaridan biri bilan qattiq tortishib qolgan.
O‘sha bahsda “qaymoqranglilar” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, jamoa ichidagi muhit ancha tarang bo‘lgani aytilmoqda.
Varela Valverdening oxirgi paytlardagi xatti-harakatlari “Real” kabi katta klub sardoriga mos kelmayotganini ochiqchasiga aytdi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, urugvaylik futbolchi yangi bosh murabbiy Xabi Alonsoga o‘zini qanot himoyasida o‘ynashni istamayotganini bildirgan.
Bu esa klub ichida ayrim noroziliklarga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Raul Varela bu haqda shunday dedi:
“Valverde bilan nima bo‘layotganini tushunish qiyin. Buni ortiqcha katta muammoga aylantirmoqchi emasman, ammo faktlar bor. “Alaves”ga qarshi o‘yindan keyin u bir jamoadoshining harakatlarini qattiq tanqid qildi, keyin boshqa futbolchini ham ogohlantirdi. Endi esa Tchuameni bilan janjallashdi. Sen “Real” sardorisan. Agar o‘zingni nazorat qila olmasang, qanday lider bo‘lasan?”
Muxlislar orasida esa bu xabarlar turlicha qabul qilinmoqda. Ayrimlar Valverdening jamoaga bo‘lgan talabchanligi va g‘alabaga chanqoqligini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqalar uning asabiylashib borayotganini xavotir bilan kuzatmoqda.
Shu bilan birga, “Real” rahbariyati hozircha bu voqealar yuzasidan rasmiy bayonot bermagan. Ammo jamoadagi ichki muhit va yetakchilar orasidagi munosabatlar yaqin haftalarda yana katta muhokamaga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!