SpaceX kompaniyasining Super Heavy tezlatgichi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi

Starship loyihasi doirasida Super Heavy Booster 19 tezlatgichini sinovdan o‘tkazish jarayoni kutilmagan hodisalar bilan kechdi. Dastlab suv ta’minoti tizimidagi nosozlik sababli jarayon to‘xtab qolgan va ko‘pchilik sinov bekor qilingan deb o‘ylagan edi. Biroq SpaceX jamoasi qisqa vaqt ichida muammoni bartaraf etib, tizimni qayta ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qayta ishga tushirilgandan so‘ng, suv bilan sovutish tizimi to‘liq quvvatda ishladi va barcha 33 ta Raptor dvigateli bir vaqtning o‘zida ishga tushirildi. NASASpaceflight kanali orqali jonli efirda namoyish etilgan ushbu statik sinov Starship Flight 12 parvozi oldidan muhim bosqich hisoblanadi. Raketa uchirish maydonchasida mahkamlangan holda barcha tizimlar tekshiruvdan o‘tkazildi.
Navbatdagi parvoz 15-may sanasiga rejalashtirilgan bo‘lib, u yangi avlod Raptor 3 dvigatellari bilan jihozlangan birinchi Starship bo‘ladi. Raptor 2 dvigatellariga nisbatan yuqori tortish kuchi va samaradorlikka ega bo‘lgan Raptor 3 tashqi issiqlik himoyasini talab qilmaydi. Bu yangilik ishlab chiqarish xarajatlarini to‘rt baravargacha qisqartirish imkonini beradi.
Elon Musk asos solgan SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan Starship tizimi to‘liq qayta foydalaniladigan o‘ta og‘ir raketadir. U kelajakda yuklar va insonlarni Yer orbitasidan tashqari Oy hamda Marsga yetkazish uchun mo‘ljallangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!